Oʻzbekistonda iqtisodiy faol aholining 48 foizi norasmiy ishlamoqda — tadqiqot

Oʻzbekistonda iqtisodiy faol aholining deyarli yarmi, aniqrogʻi 48 foizi norasmiy ravishda ishlaydi va soliq toʻlamaydi. Bu maʼlumotni 30-iyul kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan muloqotda Fiskal tahlillar instituti boʻlim boshligʻi Uchqun Abdugʻaniyev oshkor qildi, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Uchqun Abdugʻaniyevning soʻzlariga koʻra, davlat byudjeti ijrosi samaradorligini oshirish boʻyicha oʻtkazilgan tahlillar shuni koʻrsatdiki, mamlakatda rasmiy bandlikni kengaytirish uchun mehnat huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, rasmiy ishga joylashish jarayonini soddalashtirish va nazoratni kuchaytirish zarur.
Institut vakili taʼkidlashicha, "bugun ish bilan band boʻlganlarning 48 foizi, yaʼni qariyb yarmi norasmiy sektorda faoliyat yuritayotgani sababli ijtimoiy soliqning muntazam toʻlovlar bazasi cheklanmoqda".
Uchqun Abdugʻaniyevning hisob-kitoblariga koʻra, agar 1 million fuqaro rasmiy bandlikka oʻtkazilsa, byudjetga qoʻshimcha 3 trillion soʻmgacha soliq tushumi keladi. Mutaxassis bu mablagʻ evaziga 480 oʻrinli 100 ta maktab qurish mumkinligini taʼkidladi.
Joriy yilning aprel oyida Fiskal tahlillar instituti Oʻzbekistonda minimal ish haqini qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflar bergan edi. Oʻsha paytda tashkilot tomonidan taqdim etilgan raqamlarda norasmiy bandlik darajasi yuqoridagi muloqotda aytilganidan pastroq koʻrsatilgan edi. Tahlilda "norasmiy bandlik darajasi 38–40 foizni tashkil etadi. Maʼlumotlarga koʻra, 14,7 million iqtisodiy faol aholidan taxminan 5,4 million kishi rasmiy sektorda band", deyilgan.
Shu bilan birga, institut amaliyotda xodimlarni rasman eng kam ish haqi darajasida rasmiylashtirib, daromadning qolgan qismini norasmiy tarzda toʻlash holatlari kuzatilishini ham maʼlum qilgan.
Avvalroq Oʻzbekistonda 1,2 million nafar xodim oyiga 1,3 million soʻmgacha maosh olayotgani maʼlum qilingan edi. Bu miqdor xarajatlarni qoplashga umuman yetmasligi bildirilgan.

