Mahalliy

Oʻzbekistonda energetika sohasida davlat tariflarini tartibga solishning yangi tizimi joriy etildi

Oʻzbekistonda energetika sohasida davlat tariflarini tartibga solishning yangi tizimi joriy etildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Yangi tartibga koʻra, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va yetkazib berish, shuningdek, tabiiy gazni transportirovka qilish va gaz ta’minoti xizmatlari boʻyicha tartibga solinadigan tariflar tasdiqlandi. Ushbu tariflar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan belgilangan boʻlib, 2026-yil 1-avgustdan boshlab energetika sohasidagi tartibga solinadigan tashkilotlar oʻrtasidagi hisob-kitoblarda qoʻllaniladi.

**Yangi tariflar qanday?**

2026-yil 1-avgustdan kuchga kiradigan tariflar quyidagicha:

* Elektr energiyasini ishlab chiqarish – 8 foiz;

* Elektr energiyasini uzatish – 18 foiz;

* Elektr energiyasini taqsimlash – 4 foiz;

* Tabiiy gazni taqsimlash – 28 foiz.

Avval e’lon qilingan tariflarda esa elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun 9 foiz, uzatish uchun 30 foiz, taqsimlash uchun 10 foiz hamda tabiiy gazni taqsimlash uchun 23 foiz koʻrsatkichlari belgilangan edi. Vazirlikka koʻra, ayrim tasdiqlangan tariflarning avval e’lon qilingan parametrlardan farq qilishi davlat tariflarini tartibga solishning yangi tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish hamda keyingi oʻzgarishlarni davlat byudjeti sikli bilan muvofiqlashtirish bilan bogʻliq.

Idoralararo tarif komissiyasining qarorida QQS bilan hisoblaganda quyidagi narxlar belgilangan:

* “UzGasTrade”dan “Hududgazta’minot”ga – 1 ming kub metr uchun 1,39 mln soʻm;

* “UzGasTrade”dan “Oʻztransgaz”ga – 1,6 mln soʻm;

* “Oʻztransgaz”ning transportirovka xizmati – 195 ming soʻm;

* “Hududgazta’minot”ning transportirovka xizmati – 240 ming soʻm.

Elektr energiyasini ishlab chiqarish tariflari ham aniq koʻrsatilgan. Masalan, 1 kVt soat uchun:

* “Issiqlik elektr stansiyalari” – 834 soʻm;

* “Talimarjon IES” – 579 soʻm;

* “Angren IES” – 947 soʻm;

* “Yangi-Angren IES” – 828 soʻm;

* “Toshkent IES” – 1 126 soʻm;

* “Oʻzbekgidroenergo” – 522 soʻm.

**Aholi va tadbirkorlar uchun amaldagi tariflar oʻzgarmaydi**

Muhim jihati shundaki, yangi tariflar aholi, tadbirkorlik subyektlari va boshqa yakuniy iste’molchilar uchun amaldagi elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tariflarini oʻzgartirmaydi. Ya’ni Idoralararo tarif komissiyasi tasdiqlagan yangi stavkalar energetika sohasidagi tartibga solinadigan tashkilotlarning oʻzaro hisob-kitoblari uchun qoʻllanadi.

**Tariflar RAB metodologiyasi asosida shakllantiriladi**

Yangi tizimning muhim jihatlaridan biri – tariflarni Regulatory Asset Base (RAB) metodologiyasi asosida shakllantirishga bosqichma-bosqich oʻtishdir. Ushbu metodologiya tartibga solinadigan tariflarni korxonalarning tartibga solinadigan aktivlari qiymati, iqtisodiy jihatdan asoslangan operatsion xarajatlari va investitsiyalari asosida shakllantirishni nazarda tutadi. Biroq bu tartib energetika tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan barcha xarajatlar va investitsiyalar avtomatik ravishda tarifga kiritilishini anglatmaydi. Tariflarni tasdiqlash boʻyicha yakuniy qarorlar qonunchilikda belgilangan tartibda Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.

**Tariflar 2027-yilning birinchi yarmida qayta koʻrib chiqiladi**

Yangi tizim doirasida tasdiqlangan tariflarni 2027-yilning birinchi yarmida qayta koʻrib chiqish rejalashtirilgan. Vazirlikka koʻra, yangi tizim energetika korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, energiya ta’minoti ishonchliligi va xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, davlat energetika tariflarini hamda tabiiy monopoliya subyektlari faoliyatini tartibga solish boʻyicha oʻz vakolatlarini amaldagi qonunchilik asosida saqlab qoladi.

Yangi metodologiyani ishlab chiqishda xalqaro ilgʻor tajriba, xalqaro moliya institutlarining tavsiyalari hamda Oʻzbekiston energetika sohasining oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan. Vazirlik ma’lumotiga koʻra, yangi tizim tarif shakllantirish jarayonining shaffofligini oshirish, uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish uchun sharoit yaratadi.

tabiiy gazo‘zbekistoninvestitsiyalarelektr energiyasienergetikamoliyaviy barqarorliktariflarrab metodologiyasi