Oʻzbekiston va Turkiya farmatsevtika loyihalarini muhokama qilishdi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Baxrom Maxmatrayemov hamda rais maslahatchisi Alisher Shayxov Turkiyaning farmatsevtika sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri — Kiperin İlaç Gıda Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi rahbari Tolga Pektash boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Oʻzbekiston va Turkiya farmatsevtika sohasidagi loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, Oʻzbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Baxrom Maxmatrayemov va rais maslahatchisi Alisher Shayxov Turkiyaning yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan biri – Kiperin İlaç Gıda Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi rahbari Tolga Pektash boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.
2019-yilda tashkil etilgan Kiperin İlaç Gıda Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi oziq-ovqat qoʻshimchalari, kollagen, vitaminlar va salomatlik mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularni xalqaro bozorlarga eksport qilishga ixtisoslashgan. Kompaniya mahsulotlari GMP, HACCP, ISO va Halal kabi xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqariladi va bir qator mamlakatlarga eksport qilinadi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, farmatsevtika sanoatida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, eksport-import operatsiyalari hajmini oshirish hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, turkiyalik delegatsiyaga Oʻzbekistonda investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari, davlat tomonidan koʻrsatilayotgan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, eksport-import faoliyatini tashkil etish tartiblari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni amaliy loyihalar orqali kengaytirish, investitsiya va texnologiyalar transferini ragʻbatlantirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi sheriklik aloqalarini yanada faollashtirish boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

