Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni tibbiyot sohasida kelishuvlar imzoladi
27-iyul kuni Toshkent shahrida Saudiya Arabistoni Podshohligi sog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurahmon al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston-Saudiya hamkorligini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni tibbiyot sohasida kelishuvlarga erishdi
Toshkent, Oʻzbekiston (UzDaily.uz) — 27-iyul kuni Toshkentda Saudiya Arabistoni Podshohligi sogʻliqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurahmon al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida Oʻzbekiston-Saudiya hamkorligini sogʻliqni saqlash sohasida yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator tadbirlar oʻtkazildi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Eldor Adilov va investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Shohruh Gʻulomov ham ishtirok etdi.
Tomonlar sogʻliqni saqlash sohasidagi amaliy hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini, jumladan, tibbiy infratuzilmani rivojlantirish, sarmoyalarni jalb etish, sohani raqamlashtirish, tibbiy sugʻurta, kadrlar tayyorlash, shuningdek, farmatsevtika sanoati va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Vision Invest kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida Fargʻona viloyatida 800 oʻrinli koʻp tarmoqli tibbiyot majmuasini barpo etish loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu loyiha tibbiy xizmatlarni boshqarish va koʻrsatishning zamonaviy standartlarini joriy etishni koʻzda tutadi va Saudiya Arabistonining Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimiga kiritayotgan investitsiyalari koʻlamini kengaytirishning yorqin namunalaridan biri sifatida baholanmoqda.
Shu kuni ikki mamlakatning sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalaridagi davlat tuzilmalari hamda yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida Oʻzbekiston-Saudiya davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Tamila Aliyeva, Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev, sogʻliqni saqlash vaziri Eldor Adilov, shuningdek, Oʻzbekiston va Saudiya Arabistonining boshqa idoralari, tibbiyot va farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari hamda vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvlar yakunida tibbiy sugʻurta, virtual sogʻliqni saqlash, tibbiyot kadrlarini tayyorlash, markazlashtirilgan xaridlar, tibbiyot va farmatsevtika sanoati, shuningdek, ikki mamlakat davlat va xususiy tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Imzolangan hujjatlar qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va SEHA virtual shifoxonasi oʻrtasidagi Hamkorlik dasturi, tibbiy sugʻurta sohasidagi Hamkorlik dasturi, shuningdek, Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni tashkilotlari, jumladan, UZINFOCOM, Lean Business Services, NUPCO, Health Holding va Vision Invest oʻrtasidagi memorandumlar oʻrin olgan.
Davra suhbatida soʻzga chiqqan Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi strategik sheriklikning istiqbolli yoʻnalishlaridan biriga aylanib borayotganini taʼkidladi.
"Bugungi kunda ikki mamlakatning qoʻshma sarmoyaviy portfeli umumiy qiymati 24,8 mlrd dollarlik 48 ta loyihani oʻz ichiga oladi. Shu bilan birga, hamkorlik yangi yoʻnalishlarda, jumladan, sogʻliqni saqlash sohasida ham izchil kengayib bormoqda.
Oʻzbekiston Saudiya Arabistonining davlat muassasalari, tibbiyot tashkilotlari, universitetlari, texnologik kompaniyalari va sarmoyadorlari bilan uzoq muddatli hamda aniq natijalarga yoʻnaltirilgan sheriklikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor", - deya taʼkidladi J.Xodjayev.
Erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi aholining sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga, sohaning texnologik yangilanishini jadallashtirishga hamda sogʻliqni saqlash sohasiga sarmoya kiritish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

