Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Joriy yilning 28-iyul kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurrahman Al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Toshkent, Oʻzbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 28-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov Saudiya Arabistoni Podshohligi Sogʻliqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurrahman Al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarning izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Xususan, sogʻliqni saqlash sohasi ikki mamlakat oʻrtasidagi amaliy hamkorlikning muhim va istiqbolli yoʻnalishlaridan biri ekanligi taʼkidlandi.
Muzokaralar davomida ushbu sohadagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan loyihalarning samaradorligini oshirish, ularning qamrovi va koʻlamini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion yechimlarni joriy etish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish va amaliyotga joriy etish orqali tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, tibbiyot sohasida malakali kadrlar tayyorlash hamda mutaxassislarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
Jumladan, Saudiya Arabistonining investitsiyaviy, texnologik va boshqaruv tajribasini jalb qilish, ikki mamlakat xususiy sektori vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish hamda istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, tegishli tashkilotlar va mutaxassislar oʻrtasidagi bevosita aloqalarni mustahkamlash hamda aniq va istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

