Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiyaning Mersin viloyatining logistika salohiyatini oʻrganib chiqdi
Mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston ishbilarmonlaridan iborat delegatsiyaning Mersin viloyatiga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiyaning Mersin viloyatining logistika imkoniyatlarini oʻrgandi
Toshkent, Oʻzbekiston (UzDaily.uz) — “Dunyo” AA muxbirining xabar berishicha, Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi koʻmagida oʻzbekistonlik ishbilarmonlar delegatsiyasi Mersin viloyatiga ishchi tashrif uyushtirdi.
Tashrif davomida tadbirkorlar bir qator uchrashuvlar va biznes-forumlar oʻtkazib, ishlab chiqarish korxonalari hamda logistika obyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Mersin Savdo va sanoat palatasi rahbariyati tashabbusi bilan tashkil etilgan biznes-forumda qishloq xoʻjaligi, logistika, veterinariya va issiqxona xoʻjaligi sohalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar oʻzaro fikr almashdilar.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, logistika xarajatlarini kamaytirish va eksport infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ishbilarmonlar Mersin viloyati Oʻzbekiston mahsulotlarini Turkiya, Yevropa va Yaqin Sharq bozorlariga yetkazib berishda muhim logistika markazi ekanligini, ushbu hudud imkoniyatlaridan samarali foydalanish eksport geografiyasini kengaytirishda katta ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladilar.
Muloqot chogʻida Mersin Savdo va sanoat palatasi rahbariyati va ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiyaning joriy yil noyabr oyida Samarqandga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tashrif davomida Turkiyadagi Mersin erkin iqtisodiy zonasi (“MESBAŞ”) faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Savdo aylanmasi 3,5 milliard AQSh dollarini tashkil etuvchi ushbu zonada 330 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritadi va mahsulotlar dunyoning 100 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinadi.
Oʻzbekistondagi “Dena” sharbatlari ishlab chiqaruvchi kompaniya vakillari “MESBAŞ” rahbariyati bilan muzokaralar olib bordilar. Vakillarimiz mahsulotlarini Turkiya va Yevropa bozorlariga yetkazib berishni rivojlantirish maqsadida “MESBAŞ” hududidagi omborxona infratuzilmasidan foydalanish hamda maydonlarni ijaraga olish imkoniyatiga qiziqish bildirdilar.
Tashrif yakunlari boʻyicha savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi va logistika sohalaridagi amaliy hamkorlikni izchil davom ettirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.
Mersin viloyati 8,4 milliard AQSh dollarlik eksport hajmi bilan Turkiyaning eng yirik eksport hududlaridan biri hisoblanadi. Bu hudud mamlakatning asosiy dengiz darvozasi sanaladi. 2,2 million nafardan ortiq aholiga ega ushbu viloyat tashqi savdo hamda logistika sohasida muhim oʻrin tutadi.

