Nike oyoqlarni isituvchi va massaj qiluvchi “aqlli” shippaklarni taqdim etdi

Nike kompaniyasi oyoqlarni isituvchi va massaj qiluvchi "aqlli" shippaklarni taqdim etdi. Bu mahsulot mashg‘ulotlardan keyin tiklanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Hyperice bilan hamkorlikda yaratilgan.
Yangi model Air Zoom Hyperslide deb nomlanadi va u Nike Air Zoom amortizatsion tagligini hamda Hyperice’ning issiqlik va tebranish terapiyasi tizimini o‘zida mujassam etgan. Ushbu shippaklarning sotuvi 29-sentyabrdan boshlab Nike va Hyperice veb-saytlarida, shuningdek, dunyo bo‘ylab tanlangan firma do‘konlarida yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu yangi modelning asosiy maqsadi tiklanish jarayonini kundalik odatga aylantirishdir. Qizg‘in mashg‘ulotlar, yugurish yoki musobaqalardan so‘ng sportchilar ko‘pincha mushaklarni bo‘shashtirishga yetarlicha e’tibor bermaydilar. Vaholanki, aynan shu bosqich charchoqni kamaytirishga va organizmni keyingi yuklamalarga tayyorlashga yordam beradi. Shu sababli, Nike va Hyperice ko‘pchilik mashg‘ulotdan so‘ng darhol kiyadigan poyabzalning o‘ziga zarur funksiyalarni joylashtirishga qaror qildi.
Air Zoom Hyperslide’ning asosiy xususiyati uning sozlanuvchi tasmasi ichiga joylashtirilgan yechiladigan magnit modulidir. Bu modul oyoq ustini 47 darajagacha isitadi va shu bilan birga mushaklarni bo‘shashtirishga yordam beradigan tebranish hosil qiladi. Isitishning uchta darajasi va tebranish intensivligining uchta darajasi mavjud. Har bir tiklanish seansi 15 daqiqa davom etadi. Sozlamalarni modulning o‘zidagi tugmalar orqali yoki Hyperice mobil ilovasi yordamida boshqarish mumkin. Bundan tashqari, oyoq kiyim tagligi Nike Air Zoom texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, yumshoqlik, amortizatsiya va qulayroq yurishni ta’minlaydi.
Nike’ning sport innovatsiyalari bo‘yicha katta direktori Tobi Hetfildning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya kiyilishi bilan tiklanish jarayonini boshlab yuboradigan poyabzal yaratishni maqsad qilgan. Hyperice asoschisi Entoni Kats esa loyihaning maqsadi zamonaviy tiklanish texnologiyalarini ommabop qilish hamda ikki kompaniya ishlanmalarini bitta oddiy qurilmada birlashtirishdan iborat ekanligini ta’kidladi.
Air Zoom Hyperslide sotuvga chiqarilishidan avval professional sportchilar va havaskorlar tomonidan sinovdan o‘tkazildi. Niderlandiya terma jamoasi futbolchisi va ikkala brendning elchisi Virjil van Deykning ta’kidlashicha, issiqlik va tebranish uyg‘unligi mashg‘ulotlardan so‘ng oyoqdagi charchoqni tezroq ketkazishga yordam beradi, Nike tagligi tufayli esa uni kundalik hayotda kiyish qulaydir.
Hyperice uchun bunday texnologiyalar allaqachon o‘ziga xos "tashrif qog‘ozi"ga aylangan. Kompaniya ko‘plab professional sportchilar foydalanadigan massaj qurilmalari, kompressiya tizimlari va tiklanish uchun mo‘ljallangan boshqa qurilmalarni ishlab chiqaradi. Yangi shippaklar Nike va Hyperice hamkorligida yaratilgan, tiklanish uchun xuddi shunday funksiyalarga ega bo‘lgan Hyperboot botinkalaridan keyingi ikkinchi mahsulotdir. Har ikkala model ham Nike strategiyasini aks ettiradi, unga ko‘ra sportchiga nafaqat mashg‘ulot va musobaqalar paytida, balki ular orasidagi dam olish davrida ham g‘amxo‘rlik qilish lozim.

