Neft va gaz kompaniyalariga berilgan soliq imtiyozlari tahlil qilinadimi? Fiskal institut resurs soliqlarini o‘rganishga va’da berdi
Fiskal tahlillar instituti taqdimotida QQS, foyda solig‘i, jismoniy shaxslar daromad solig‘i va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar e’lon qilindi. Biroq 2022 yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun - oltindan tortib gazgacha - soliq stavkalarining xususiy kompaniyalar uchun pasaytirilgani ortidan byudjyet bir yilda 2 trillion so‘m yo‘qotgandi, gaz qazib chiqarish hajmi oshish o‘rniga pasayib ketdi.

Neft va gaz kompaniyalariga berilgan soliq imtiyozlari tahlil qilinadimi? Fiskal institut resurs soliqlarini o‘rganishga va’da berdi
Fiskal tahlillar instituti 30-iyul kuni o‘tkazgan Fiskal muloqotda 2027-yilgi soliq siyosatiga oid bir qator takliflarni taqdim etdi. Tadbirda QQS, foyda solig‘i, aksiz, bank omonatlari, uglerod solig‘i va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tahlillar e’lon qilindi. Biroq, resurs soliqlari, xususan, yer qa’ridan foydalanganlik uchun olinadigan soliqlar bo‘yicha tadqiqotlar taqdim etilmadi.
**“Soliqlar kamaydi, ammo gaz qazib olish hamon pasaymoqda”**
Muhokama chog‘ida Kun.uz muxbiri institut vakillaridan 2017-yildan keyin neft-gaz sohasida joriy etilgan soliq imtiyozlari samaradorligi yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazilgan-o‘tkazilmaganiga aniqlik kiritishni so‘radi. Savolda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari ayrim yirik investorlar uchun sezilarli darajada pasaytirilgan. Jumladan, neft va gaz qazib olish bilan shug‘ullanuvchi xorijiy investorlar, xususan, Sanoat Energetika Guruhi (Saneg), Lukoil va boshqa yirik kompaniyalarga qator soliq preferensiyalari berilgan.
Shu bilan birga, avvalroq e’lon qilingan rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu imtiyozlar natijasida davlat byudjeti trillionlab so‘m daromaddan mahrum bo‘lgan. Kun.uz muxbiri soliq yukining kamaytirilishiga qaramay, keyingi yillarda tabiiy gaz qazib olish hajmi izchil pasayib borayotganini eslatib, Fiskal institut bu imtiyozlarning iqtisodiy samaradorligini baholaganmi, degan savolni o‘rtaga tashladi.
**Institut: resurs soliqlari bo‘yicha tadqiqotlar hali oldinda**
Fiskal tahlillar instituti direktori Abbosbek Jo‘rayevning aytishicha, institut faoliyat boshlaganiga uch oy bo‘lgan va tadqiqotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha ikkinchi chorak davomida bajarilgan ishlar taqdim etilgan bo‘lsa, resurs soliqlari ham institutning navbatdagi tadqiqot yo‘nalishlari qatoriga kiritilgan.
Jo‘rayevning bildirishicha, institut har bir soliq imtiyozining samaradorligini baholash metodologiyasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Baholashda imtiyozlarning iqtisodiy va ijtimoiy samarasi, muayyan tarmoqlar rivojiga ta’siri hamda aholini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni hisobga olinadi. Institut direktori hozirda O‘zbekistonda missiya bilan ishlayotgan Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari bilan aynan shu yo‘nalishda ham maslahatlashuvlar olib borilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro ekspertlarning tavsiyalari olingach, institut o‘z tahlillarini tayyorlab, jamoatchilik muhokamasiga taqdim etadi.
**Resurs soliqlari bo‘yicha bahslar yangilik emas**
Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari so‘nggi yillarda bir necha bor jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan. O‘zbekistonda 2022-yildan Yer qa’ridan foydalanganlik uchun (oltindan tortib gazgacha) soliq stavkalari pasaytirildi. Lekin stavkalar NKMK, OKMK va “O‘zbekneftgaz” uchun o‘zgarmasdan qoldi. Yerosti boyliklarini o‘zlashtiruvchilarga Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari qatorida neft va tabiiy gaz bo‘yicha 10 foizgacha, oltin va mis uchun 7 foizgacha, volfram konsentrati uchun 2,7 foizgacha, uran uchun 8 foizgacha kamaytirilgandi.
Xususiy kompaniyalarga yerosti boyliklarini qazib olish uchun nihoyatda hayratlanarli imtiyozlar berilishi ortidan yerosti boyliklari oligarxlar qo‘liga oson o‘tishi ehtimoli jamoatchilikda xavotirlar uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. Ayrim imtiyozlar davlat byudjetiga qariyb 2 trillion so‘m yo‘qotish keltirgan. Shu bilan birga, soliq yuki kamaytirilganiga qaramay, mamlakatda tabiiy gaz qazib olish hajmi kutilgan darajada oshmagan.
2023-yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy gaz bo‘yicha soliq stavkasi 3 baravarga, neft va gaz kondensati bo‘yicha 2 baravarga kamayishi ortidan, 2022-yilda yer qa’ridan foydalanuvchilar bir yil oldingiga qaraganda salkam 2 trln so‘m yoki 12 foiz kam soliq to‘ladi. Shunga qaramay, gaz qazib chiqarish 4 foizga, gaz kondensati qazib olish 3 foizga kamaydi.

