Mahalliy

Navoiy muzeyi taqdiri: restavratsiyami yoki navbatdagi “snos” xavfi?

**Navoiy muzeyi taqdiri: restavratsiya yoki navbatdagi buzilish xavfi?**

Soʻnggi kunlarda Toshkentdagi Alisher Navoiy muzeyi atrofidagi vaziyat ziyolilar orasida koʻplab savollarni keltirib chiqardi. "Daryo" nashri soha mutasaddilari, olimlar va ijodkorlar bilan suhbatlashib, muzeyning kelajagi boʻyicha eng muhim savollarga javob izladi.

Toshkent shahrida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi taqdiri jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Muzeyning yopilishi, bino fasadining oʻyib tashlanishi, eksponatlar va nodir qoʻlyozmalarning shoshilinch ravishda boshqa joylarga koʻchirilishi xavotirlarni kuchaytirdi. Ayrim ijodkorlar muzeyni saqlab qolishni soʻrab Prezidentga murojaat qilishgacha bordi. Xoʻsh, muzey va qariyb bir asrlik tarixga ega uning binosi saqlab qolinadimi? Bu vaqtincha restavratsiyami yoki navbatdagi "snos"ning boshlanishimi?

**Muzeyning hozirgi holati**

**Muzey joyida qolishi muhim**

Adabiyot muzeyi shunchaki eksponatlar qoʻyilgan bino emas, balki badiiy asarlar tadqiq qilinadigan ilmiy maskan vazifasini ham bajaradi. Bu yerda Alisher Navoiy ijodi va oʻzbek adabiyoti tarixiga oid 847 ta nodir qoʻlyozma, 1500 dan ortiq toshbosma hamda 1,5 milliondan ziyod arxiv hujjatlari saqlanib kelgan. Oʻnlab yillar davomida ilmiy maktab shakllangan.

Fanlar akademiyasiga qarashli muzey 60 yil mobaynida kapital taʼmirlanmagani hayratlanarli. Shu paytgacha asarlarni saqlash va tomosha zallarida yetarli sharoitlar yaratilmagani yanada achinarli holat.

"Daryo" manbalariga koʻra, mablagʻ ajratilmagan va oʻz holiga tashlab qoʻyilgan binoning ichki qismidagi devorlarni muzey xodimlari qoʻlbola usulda taʼmirlab kelgan.

Endi esa nodir manbalarni saqlashga sharoit yoʻqligi vaj qilinib, muzey Yangi Toshkentga koʻchirilishi mumkin. Ziyolilar binoni taʼmirlab, saqlov xonalari qurish mumkinligini, muzeyni Alisher Navoiy koʻchasidan koʻchirish xatoligini aytmoqda. Yangi Toshkentda barpo etilayotgan bino alohida muzey sifatida qurilishi foydadan holi emasligi taʼkidlanmoqda.

Poytaxtda soʻnggi yillarda "koʻchirish" va "rekonstruksiya" bahonasida qator tarixiy meʼmoriy obidalarning buzilib ketgani jamoatchilik xotirasida chuqur iz qoldirgan. Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova muzey binosi ham ana shunday fojiali qismatni takrorlashidan jiddiy xavotir bildirdi.

"Menimcha, "Turon" kutubxonasi ham madaniy meros roʻyxatida edi. Lekin nega buzildi? Endi Alisher Navoiy muzeyining ham buzilish xavfi paydo boʻlyapti. Bino qurilganiga yaqinda 100 yil boʻladi. Toshkent buzilib-buzilib, qadimgi joylari qolmayapti. Bu binoni nega Yangi Toshkentga koʻchirish kerak? Yangi Toshkentda oʻzining yangi bir ruxsori paydo boʻlsin. Bu muzey esa oʻz joyida qolaversin. Binoda faqat muzey emas, Yosh tomoshabinlar teatri ham bor. Bino buzilsa, teatr ham buziladimi? Keyin Satira teatriga oʻxshab 20-30 yil koʻchada spektakl qoʻyadimi?", deydi ijodkor.

Aktrisa sobiq Milliy xavfsizlik xizmati binosi buzilib, oʻrniga mehmonxona qurilayotganini qoraladi. Aksincha, bunday binolar muzey sifatida saqlanib, millat uchun xotira maskani boʻlib qolishi muhimligini aytdi.

"Bino 1950-yillarda qurilgan, mustahkam, qatagʻon yillarining nafasi urib turgan joy edi. Qanchadan-qancha hujjatlar saqlanardi. Bino nimaga buzib tashlandi? Tuppa-tuzuk, chiroyli joy edi. Xotira sifatida muzey qilinmaydimi? Buzilib oʻrniga nima qurildi? Mehmonxona! Shunga oʻxshab bu muzey ham buzilib, oʻrnida bir katta restoran, toʻyxona yoki bank quriladimi? Ziyolilar, rassomlar, yozuvchilar tomoshabin boʻlib turmasligi kerak", deydi xalq artisti.

Ijodkor bino uzoq yillar taʼmirlanmagani notoʻgʻri boʻlganini aytdi. Unga bino tarixning bir boʻlagi sifatida qarash zarurligiga urgʻu berdi.

"60 yil davomida taʼmirlanmagan. Nega taʼmirlashmaydi? Necha yildan beri direktor boʻlganlar javob bersin. Chiroyli qilib, yaxshilab taʼmirlashsin. Nimaga koʻchirish yoki buzish kerak? Nega chiroyli narsani yoʻq qilish kerak? U qadriyat, xotira-ku?! Yangi Toshkentda yana muzeylar qurmoqchi boʻlishsa, xohlagan bezagi bilan quraverishsin. Bu nimaga xalaqit beradi? "Kimgadir kerakda... Markaz joy-ku". Mana shunaqa yomon shubhalar odamning yuragiga oʻrmalab kiradi. Qanaqadir biznes uchun kerakdir-da shu joy", deydi Dilorom Karimova.

**"Avlodlar bizni soʻroqqa tutadi"**

Taʼlim eksperti va jamoatchilik faoli Komil Jalilov Alisher Navoiy koʻchasini sovet davrida loyihalashtirilgan noyob meʼmoriy kompozitsiya deb hisoblaydi. Uning fikricha, muzeyni bu yerdan sugʻurib olish butun koʻchaning ruhi va tarixiy muhitini boy berish demakdir.

"Nemis olimi, arxitektor va madaniy merosni saqlash boʻyicha mutaxassisning tadqiqotini oʻqigandim. U Toshkentda bir yaxlit arxitektura majmuasi sifatida Navoiy koʻchasini misol qilib keltirgan. Muzey, Navoiy haykali, Navoiy metrosi — bular kichik bir kompozitsiya. Bu joydan Adabiyot muzeyining koʻchirilishi juda notoʻgʻri hodisa boʻladi. Avlodlar bu haqida oʻqiganda bizni kechirishmaydi deb oʻylayman. Kelajakda "Navoiy oʻzining nomiga atalgan koʻchaga sigʻmadimi", degan savol koʻtariladi", deydi mutaxassis.

Komil Jalilov Toshkent siti qurilayotgan paytda tarixiy obyektlardan biri boʻlgan "Kinochilar uyi" binosi buzib yuborilganini esladi. Samarqandda sovet davrida qurilgan Oʻzbekiston xalqlari madaniyati tarixi muzeyi ham koʻchirilganiga urgʻu berdi.

"Muzey boshqa joyga koʻchirilib, binosi buzilgandi. Lekin u oldingidek shon-shuhrati va missiyasini qayta tiklay olmadi. Muzeyni shundoq olib, boshqa joyga koʻchirish juda katta xatarlar keltiradi. Shuning uchun bu masalaga ehtiyotkorlik bilan qarash kerak. Agar zarurat boʻlmasa, joyida qolgani maʼqul", deydi u.

Mutaxassis Londonda bir necha asrlar oldin qurilgan tarixiy binolar zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanib, muzey sifatida faoliyatini davom ettirayotganini taʼkidladi. Yaʼni tarixiy fasad saqlanadi, ichki qism esa bugungi talablar asosida yangilanadi. Komil Jalilovning fikricha, agar xohish va siyosiy iroda boʻlsa, Alisher Navoiy muzeyini ham aynan shunday yoʻl bilan zamonaviylashtirish mumkin.

**"Muzeyning istiqboli bor deb oʻylaganman"**

Adabiyotshunos Shahnoza Nazarova muzey rahbari etib tayinlanganiga endigina ikki oy boʻldi. Filologiya fanlari doktori "Daryo"ga intervyu berarkan, rahbar emas, olima sifatida gapirishni lozim topdi. Adabiyotshunos suhbat davomida muzeyda uch yildan beri ishlayotgani, dastlab ish boshlaganda qanday orzular qilgani haqida gapirdi.

"Qachondir bu bino toʻliq rekonstruksiya qilinadi, orqasidagi yerlarda zamonaviy saqlovxonalar tashkil etiladi deb oʻylaganman. Muzeyning nashriyoti, bosmaxonasi, arxiv ekspeditsiyalari qayta tiklanishini orzu qilganman. Toshkent siti qarshisida Navoiy davri Hirot bogʻlariga oʻxshash klassik uslubdagi moʻjizaviy bogʻ barpo etilishini tasavvur qilganman. Muzeyning istiqboli bor deb oʻylaganman", deydi olima.

Shahnoza Nazarova issiq va sovuq havoda binodagi sharoit ogʻirligiga qaramay, Oʻzbekiston hududlari va dunyoning turli yerlaridan olimlar hamda tomoshabinlar oqimi aslo toʻxtamaganini aytdi.

Fan doktori hozir muzey nufuzini saqlab qolish muhimligiga urgʻu berdi. Alisher Navoiy koʻchasidan oʻtayotganlar muzeyga qaraganda yoki kirganda buyuk shoir ruhini his qilishi uchun yetarli imkoniyat yaratilishi kerakligini taʼkidladi. Olima fikrlaridan kelib chiqilsa, muzey koʻchirilishi emas, aksincha, binoda tadqiqotchilar va tomoshabinlar uchun yetarli sharoitlar yaratilishi zarur.

"Yangi Toshkent hududida Navoiy dahosini abadiylashtirish masalalari koʻrilyapti. U ham davom etishi kerak boʻlgan ilmiy tadqiqotlarning, hukumat tomonidan qaratilayotgan eʼtiborning yangi bosqichi sifatida qaralishi zarur", deydi Shahnoza Nazarova.

**"Bitta mix qoqishga ham ruxsat yoʻq"**

Jamoatchilikning bino buzilishiga oid xavotirlari yuzasidan Madaniy meros agentligi bilan bogʻlandik. Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari Elmurod Najimov majmua davlat muhofazasiga olingan moddiy-madaniy meros obyekti hisoblanishini aytdi.

"Obyekt Vazirlar Mahkamasining qarori bilan madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan. Binoda nafaqat Adabiyot muzeyi, balki Yosh tomoshabinlar teatri ham oʻtiribdi. Ikki oy oldin kompleksning tashqi fasadini restavratsiya qilishni boshlaganmiz. Loyiha institutimiz muzey ichki qismida tadqiqot oʻtkazib, remont yoki restavratsiya qilish taklifini beradi. Keyin takliflarni hukumatga kiritamiz. Bizning pozitsiyamiz har doim qattiq: nafaqat bino buzilishga, balki uning devoriga ruxsatsiz bitta mix qoqilishiga ham qarshimiz", deydi agentlik rasmiysi.

Biz muzey zallarida boʻlib, ayrim eksponatlar va suratlarni tasvirga oldik. Noyob devoriy suratlardan biri 1972-yilda mashhur rassom Chingiz Ahmarov tomonidan chizilgan. Asar Alisher Navoiy dostonlariga bagʻishlab ishlangan.

Muzeyda boshqa rassomlar tomonidan chizilgan yana qator devoriy suratlar ham mavjud. Elmurod Najimov agentlik ilmiy xodimlari Adabiyot muzeyiga borib, devoriy suratlar va pannolarni hech qayerga koʻchirmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilganini aytdi.

"Masalaga nuqta qoʻyildi. Muzeydagi devoriy suratlar va pannolar joyida qolishi kerak. Madaniy meros obyekti madaniy merosligicha qoladi", deya taʼkidladi agentlik rahbari oʻrinbosari.

Hozir muzey fasadi oʻyib tashlangan. Lekin bir necha kunlik kuzatishlar davomida biror usta yoki restavratorlar koʻrinmadi. Bu holat bino fasadi oʻyilgach, taʼmirlash boshlanmayotgandek taassurot uygʻotadi.

**Nodir qoʻlyozmalar koʻchirilgan**

Adabiyot muzeyining 847 dona nodir qoʻlyozma manbalari Islom sivilizatsiyasi markazining saqlash xonalariga koʻchirilib, joylashtirilgan.

"Daryo" muxbiri binoning yertoʻla qismidagi qoʻlyozmalar saqlanayotgan xonada boʻlib, asarlar qanday saqlanayotganini koʻzdan kechirdi.

Markazning Kutubxona va arxiv hujjatlari boʻlimi boshligʻi Ravshan Qodirovning aytishicha, qoʻlyozmalar ishonchli joyda saqlanmoqda.

"Saqlov xonalarimiz xalqaro standartlarga toʻla javob beradi. Masalan, xonaning havo harorati va nisbiy namligi, yorugʻligi, kitob javonlari sifati belgilangan meʼyorlarga mos keladi. Qoʻriqlash tizimi, kameralar doimiy ishlab turibdi", deydi markaz vakili.

Muzeydagi noyob toshbosma manbalarni ham markazga vaqtincha saqlash uchun olib kelish rejalashtirilgan. Eksponatlar esa Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga joylashtiriladi.

**Yangi Toshkentdagi loyiha va ochiq qolayotgan savollar**

Muzey binosi atrofidagi yana bir jumboq — uning Yangi Toshkentga koʻchirilishi haqidagi xabarlar bilan bogʻliq. Yangi Toshkent direksiyasining "Daryo"ga maʼlum qilishicha, hududda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qurilmoqda.

Majmua tarkibidan muzey, ilmiy-tadqiqot markazi va Maqom markazi joy oladi. Qurilish ishlarini 2027-yilda yakunlash rejalashtirilgan.

Bu shunchaki bir binoga oid xavotirlar emas, tarixni qanday saqlaymiz, madaniy merosimizni qanday asraymiz va kelajak avlodga nimalarni qoldiramiz degan katta savol ustidagi izlanish edi. Bugun bir necha savollarga javob oldik. Bino davlat muhofazasida ekani, muzey eksponatlariga zarar yetkazilmasligi aytildi. Biroq muzeyning keyingi taqdiri qanday boʻlishi ma’lum emas.

"Daryo" voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

tashkentcultural heritagedemolitionnew tashkentalisher navoiy museumrestorationhistorical preservationpublic concern