Layfstayl

Nahorgi oshga chiqqan, noyob qobiliyatga ega bo‘lgan hamda ustozining o‘g‘liga turmushga chiqqan Yulduz Turdiyeva 41 yoshda

**Yulduz Turdiyeva 41 yoshda: Nahorgi oshdan ustoz o‘g‘liga turmushgacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘l**

Bugun, 10-avgust kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Turdiyeva 41 yoshni qarshiladi. Talabgir xonanda bu darajaga osonlik bilan erishmagan. U uzoq yillar ijara uylarda yashash qiyinchiliklarini boshidan kechirgan va faoliyati davomida bir nechta ustoz san’atkorlarning tanbehlariga ham duch kelgan. Quyida xonandaning turli xil mashaqqatlar bilan kechgan hayot va ijod yo‘liga nazar tashlaymiz.

**"Qo‘rqoq qiz bo‘lganman"**

Yulduz Turdiyeva 1985-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Oilasida san’atkorlar bo‘lmaganiga qaramay, u bolalikdan maqom qo‘shiqlariga qiziqqan. Xonanda bolaligi bilan bog‘liq voqealarni shunday eslaydi:

— Erka qiz bo‘lganman, ota-onam nima desam ham, yo‘q deyishmasdi. Ammo nihoyatda qo‘rqoq bo‘lganman. Hatto maktabga ketayotganimda yo‘limdan mushuk chiqib qolsa ham, qo‘rqib uyga qaytib kelardim. Bu odatlar haligacha saqlanib qolgan. Shu bilan birga, nihoyatda mehribon va qo‘li ochiq qiz bo‘lganman. Onam uyimiz yonida kichik do‘koncha ochgan. U yerda shokolad, pechenye kabi mayda-chuyda shirinliklar ham sotilardi. Ularni olib, sinfdoshlarimga tarqatardim. Onam “Shuncha shokolad qani? Nima qildinglar?” desa, indamay turaverardim, — deydi xonanda.

**"15 yoshimgacha onam yonimda bo‘lgan"**

Yulduz Turdiyevaning san’atkor bo‘lishiga qarshiliklar bo‘lgan. Ammo uni birinchi navbatda ota-onasi qo‘llab-quvvatlagan.

— San’atkor bo‘lsa, unday, bunday bo‘ladi, degan gap-so‘zlar hamisha bo‘lgan. Shu bois yaqinlarim hamisha atrofimda bo‘lishga, yomon niyatli odamlardan himoya qilishga harakat qilishgan. O‘n besh yoshimga qadar onam hamisha men bilan birga bo‘lgan. Hech bir tadbir yoki ko‘rik-tanlovga yolg‘iz yuborishmasdi. Keyinchalik bu vazifani akam bajargan, hozirgi kunda esa turmush o‘rtog‘im men bilan birga, — deydi xonanda.

**"Ustozimning o‘g‘liga ko‘ngil qo‘yganman"**

Xonanda turmush o‘rtog‘i bilan san’at kollejida o‘qigani va qaynotasidan tahsil olgani haqida so‘zlab berdi.

— Turmush o‘rtog‘im bilan tengdoshmiz, u bilan Buxoro san’at kollejida birga o‘qiganmiz. Qaynotam ikkimizga ustozlik qilgan, keyin Buxorodan birga Toshkentga kelib, O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga hujjat topshirganmiz. Men qo‘shiq aytardim, turmush o‘rtog‘im esa dovul chalardi. Ammo hech qachon bu inson bilan oila qurishim haqida o‘ylab ko‘rmaganman. Ikkinchi kursda o‘qiyotganimda menga bo‘lgan munosabatlari o‘zgarayotganini sezib qolganman. Kursdoshlardan rashk qilishni boshlagan. Yozgi ta’til kunlari men Toshkentda qolardim, u qaynotam bilan to‘y xizmatlariga chiqish uchun Buxoroga ketardi. Ikki oy men uchun nihoyatda og‘ir o‘tganini his qilardim. Chunki Ulug‘bek eng yaqin kursdoshim va himoyachim edi. Xullas, ustozimning o‘g‘liga ko‘ngil qo‘yganman, deydi Yulduz Turdiyeva.

**"Qishda oynasiz ijara uyda yashaganmiz"**

Yulduz Turdiyeva turmush o‘rtog‘i bilan o‘rtahol oilada kamol topgan. Bundan tashqari, o‘sha yillari Toshkentda doimiy ro‘yxatda turmagan insonlarning yaxshi ishga joylashishi ham muammo edi. Xonanda hayotidagi eng og‘ir kunlarni shunday eslaydi:

— Turmush o‘rtog‘im bilan Toshkentga kelganimizda hech narsamiz yo‘q edi. Ishonasizmi, bir yil ichida 10 ta ijara uyda yashashimizga to‘g‘ri kelgan. Sharoiti yaxshisining puli to‘g‘ri kelmasdi. Yoki puli to‘g‘ri kelganining sharoiti qoniqarsiz darajada bo‘lardi. Birinchi qavatdagi deraza oynasi yo‘q xonadonda yashaganimiz hech esimdan chiqmaydi. Kimdir kirib kelsa, nima qilaman, deb tong otgunga qadar uxlolmasdim. Hatto bunday ijara uyga o‘g‘limni olib kelishga qo‘rqib, uni qaynonamga tashlab kelgandim. U paytlarda propiskasizlarni yaxshi ishga olishmasdi. Shu bois turmush o‘rtog‘im bilan ishga joylashishga qiynalganmiz. Hatto qoniqarsiz darajadagi uyni ijaraga olishga ham pulimiz qolmagandi. O‘shanda turmush o‘rtog‘imning do‘stlaridan birining bir xonali uyiga ko‘chib o‘tgandik. U uyda o‘ndan ortiq kishi yashab, bitta qozondan ovqat yerdik, deydi xonanda Yulduz Turdiyeva.

**"Meni g‘oliblikka undagan his — ona mehri"**

Ijara uydagi sharoit sabab bolasidan ayro yashashga majbur bo‘lgan xonanda xalqaro musobaqaga katta miqdordagi mukofot puli qo‘yilgani haqidagi xabarni o‘qib qoladi. Onalik mehri uni tanlovda ishtirok etish va g‘alaba qozonishga undaydi.

— Bolamni sog‘inib yurgan paytimda Ozarbayjonda o‘tkaziladigan Baynalxalq mug‘om festivali haqidagi e’lonni o‘qib qolganman. Bosh sovrin uchun 15 ming AQSH dollari degan joyini o‘qib, ko‘zlarim porlab ketgan. O‘zimcha bu pulga uy sotib olish haqida rejalar tuzganman.

“Qorabaxshi” qo‘shig‘i — Ozarbayjon yuragi deyilarkan. O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ishlaydigan Ochil Matjonovdan qo‘shiqni o‘rgatishini so‘raganman. O‘n ikki kun davomida konservatoriyadan ketmay, qo‘shiqni o‘rganganman. 2009-yili o‘tkazilgan mug‘om festivalida g‘olib bo‘lib, ilk katta mukofotni qo‘lga kiritganman. Toshkentga qaytganimdan keyin uy olish harakatiga tushganman. Hammasi niyatga yarasha bo‘lar ekan, o‘sha paytda 15 000 AQSH dollariga shahar markazidan ikki xonali uy berardi. Uy sotib olib, oilam bilan unga ko‘chib o‘tganmiz. Bu festival hayotimga quvonch olib kirgan. G‘olib bo‘lishimga esa onalik mehri sabab bo‘lgan, — deydi xonanda Yulduz Turdiyeva.

**"Bahodir Yo‘ldoshevdan tanbeh eshitganman"**

Yulduz Turdiyeva “Sharq taronalari”da qatnashgan yili rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevdan tanbeh eshitgani va yig‘lab yuborgan kunlarini shunday eslaydi:

— “Sharq taronalari” festivaliga tayyorgarlik bir necha oy davom etardi. Ilk marta qatnashgan yilim bir inson kelib, farzandining to‘yida ishtirok etishimni qattiq iltimos qilgan. “Yo‘q, bu yerdan ketolmayman”, deganman. Ammo u inson ham oyoq tirab turib olgan. Oxiri repititsiya bo‘lmaydigan vaqtga to‘yni to‘g‘rilab, borib kelishni reja qilganmiz. Aksiga olib, o‘sha vaqtda rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev meni izlab qolgan ekan. To‘yga ketganim haqida eshitib, rosa jahli chiqqan. Menga qattiq tanbeh berib, festivaldan ham chetlashtirmoqchi bo‘lgan. Yig‘lab vaziyatni tushuntirganim ham foyda bermagan. Faqatgina ertasi kuni “Mayli, bu senga oxirgi ogohlantirish” degan, deydi xonanda.

**"Siz turmush o‘rtog‘ingizdan ko‘p pul topasiz"**

Yulduz Turdiyeva turmush o‘rtog‘i nega sozandalik qilmayotgani va unga nisbatan negativ fikr bildiradigan insonlarga shunday javob bergan:

— Ilgari to‘y va konsertlarda turmush o‘rtog‘im sozandalik qilardi. U professional va o‘z kasbini sevadigan inson edi. Ammo oila qurganimizdan keyin ma’murlik va sozandalik qilish uni biroz charchatib qo‘ydi. Shundan keyin “Ulug‘bek, siz sozandalik qilmay, yonimda bo‘lsangiz bo‘ldi”, dedim. Chunki ma’murlikning ham bosh og‘riqlari ko‘p. “Siz turmush o‘rtog‘ingizdan ko‘p pul topasiz”, deb unga nisbatan negativ fikr bildirayotganlardan ranjiyman. Chunki odamlar bilan ishlash qiyin, agar u ma’murlik qilmaganida, men bemalol qo‘shiq aytolmagan bo‘lardim, — deydi Yulduz Turdiyeva.

**"Boshqa san’atkorlarning qo‘shig‘ini kuylab, jarima to‘laganman"**

— Bir necha yil avval “Navo” telekanalining bir qancha jonli ijro ko‘rsatuvlarida chiqib, O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva hamda marhum xalq artisti Ortiq Otajonovlarning retro qo‘shiqlarini kuylagan edik. Bir kuni meni chaqirishib, ko‘rsatuvda jonli ijroda aytgan qo‘shig‘im uchun jarima to‘lashim kerakligini aytishdi. Bunga sabab, qo‘shiq so‘zlarini xato aytganim va ijro etish uchun shoirdan ruxsat so‘ramaganim ekan. Bu bir necha yil avvalgi ko‘rsatuv ekanini, o‘zlari ruxsat berganliklarini aytsam ham, “so‘zlarni xato aytib, ma’naviy zarar yetkazgansiz”, deyishdi. Xo‘p, mayli, deb jarimani to‘ladim. Hozir ham kanallardan retro qo‘shiqlarni kuylash uchun chaqirib turishadi, lekin endi hech qaysi xonandaning qo‘shig‘ini kuylamayapman.

Bundan tashqari, ba’zi san’atkorlar bilan ham tushunmovchilik holatlari bo‘lgan. O‘zlari hurmat qilib, bitta qo‘shiqlarini ijro etishga berishgan edi. Tarona mening talqinimda chiroyli chiqqanidan so‘ng anglashilmovchiliklar kelib chiqdi. U ijodkorni ham tushunaman, qo‘shig‘idan umidi katta bo‘lgan. Lekin birgina kichik holat kutilmagan natijalarni keltirib chiqardi. Bu voqea konsertim arafasida sodir bo‘lgani uchun biror muammo chiqmasin deb, o‘shanda 60 million so‘m jarima to‘lashga majbur bo‘lganman.

**"Yulduz Usmonova va Ozodbek Nazarbekovga rahmat aytaman"**

— To‘y xizmatlarida, fotiha marosimlarida Yulduz Usmonova va Ozodbek Nazarbekovning qo‘shiqlarini ham ijro qilib turaman. Odamlar ularning qo‘shiqlarini yaxshi ko‘rishadi, sevib eshitishadi. O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaga alohida rahmat aytaman, u kishi hech qachon qo‘shiqlarini qizg‘anmagan. Hattoki, o‘zlari “qizim, ovozing borida hamma qo‘shiqlarimni kuyla”, degan. Ozodbek Nazarbekov ham qo‘shiqlarini hech qachon qizg‘anmagan.

**"Nahorgi osh tadbirlariga chiqishdan Zulayho Boyxonova to‘xtatgan"**

— Avvallari Samarqand va Urgutda saharlab nahorgi oshlarga xizmatga chiqardim. Bu tadbirlar tong sahardan soat o‘n ikki-bir, ba’zan ikkigacha ham davom etardi. Jonli ijroda klassik qo‘shiqlar, laparlar aytardim. Oshga chiqishni to‘xtatishimga Zulayho Boyxonova sabab bo‘lgan.

Opa bilan Toshkentda to‘y xizmatida birga bo‘lgan paytimizda, ertasi kuni soat beshda boshlanadigan “osh”ga shoshilayotganimni aytdim. Zulayho opa avvaliga menga hayron bo‘lib qaradi. “Yulduz, oshga chiqma. Yo to‘ylarda xizmat qil, yoki oshda. Bu ketishda 5-10 yildan keyin sog‘ligingda jiddiy muammolar paydo bo‘ladi”, deb maslahat bergan. Maqom yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olganman, ularni kuylashni juda yaxshi ko‘raman. To‘ylarda ko‘pincha sho‘x, to‘ybop qo‘shiqlar so‘rashadi, shuning uchun o‘zbek klassik, retro qo‘shiqlarni faqatgina nahorgi oshlarda ijro etolardim. Lekin Zulayho opaning maslahatlaridan so‘ng buni ham butunlay to‘xtatganman.

**Xonandaning noyob qobiliyati haqida**

— Bolaligimda akam bexosdan tangalarni yuz-qo‘llarimga qo‘yganida, ular qo‘yilgan joyida yopishib qolardi. Gohida onamning yoki farzandlarimning oyoqlarini uqalab qo‘ysam, qandaydir shifo topishadi. Kichkinaligimda gazetalarda mening mana shu biotokim haqida yozishgan edi. Shundan so‘ng mahallamizda buni eshitgan, bilganlar bosh og‘rig‘ini yoki yana qandaydir og‘riqlaridan qutulish umidida uyimizga kelishardi. Yoshim katta bo‘lgandan keyin odamlardan uyalishni boshladim va buni butunlay to‘xtatdim, deydi xonanda Yulduz Turdiyeva.

**Yulduz Turdiyeva hayotini Instagram’siz tasavvur qila oladimi?**

— Menimcha, hozirgi kunda hech kim hayotini ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qilolmaydi. Men ish yuzasidan xorijlik prodyuserlar bilan ham hamkorlik qilaman, chet ellarda konsertlar tashkil etamiz. Masalan, yevropaliklar uchun kechalari maqom konsertlari uyushtiramiz. Xuddi shunday, boshqa davlatlarda ham muxlislarimiz uchun dasturlar tayyorlaymiz. Instagram orqali barcha to‘y-tantanalar, boshqa davlatlardagi konsert dasturlarini o‘tkazish bo‘yicha takliflarni qabul qilaman. Shunday ekan, nima uchun Instagram’dan voz kechishim kerak, deydi xonanda.

biographysocial mediacareerachievementsyulduz turdiyevachallengespersonal lifesinger