Murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega 10 ta bank e’lon qilindi

Markaziy bank 2026-yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha banklar faoliyatiga oid shikoyatlar soni bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 10 ta bank ro‘yxatini e’lon qildi.
2026-yilning ikkinchi choragi davomida Markaziy bankka bevosita yoki boshqa davlat idoralari orqali banklar faoliyatiga doir jami 11 331 ta murojaat kelib tushgan. Bu murojaatlarning eng ko‘p qismi Avo Bank hissasiga to‘g‘ri keldi (indeks 4,42). Undan keyingi o‘rinlarni Biznesni rivojlantirish banki, Mikrokreditbank va TBC bank egalladi.
(Foto: Markaziy bank)
Ta’kidlash joizki, 2026-yilning birinchi choragida murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 10 ta bank reytingida Biznesni rivojlantirish banki 3,34 indeks bilan birinchi o‘rinda qayd etilgan edi.
Murojaatlar indeksi bankning murojaatlar soni bo‘yicha bozor ulushini mijozlar soni bo‘yicha bozor ulushiga bo‘lish orqali aniqlanadi. Bu ko‘rsatkich bankning mijozlar bazasiga nisbatan murojaatlar ulushi qanchalik yuqori ekanligini ko‘rsatadi va turli hajmdagi banklarni o‘zaro solishtirish imkonini beradi.
Ushbu indeks bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi, balki faqat mijozlar soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar uchun indeks hisoblanmaydi.
Banklarga kelib tushgan murojaatlarning sabablarini chuqur tahlil qilish, ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish hamda mijozlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni kuchaytirish tavsiya etildi.
Avvalroq, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda tijorat banklarining sof foydasi qariyb 4,5 trillion so‘mga oshgani haqida xabar berilgan edi.

