Mojtaba Xomanaiy aks etgan ilk video e’lon qilindi

**Mojtaba Xomanaiyning ilk videosi e’lon qilindi**
Eron oliy rahbari Mojtaba Xomanaiy ishtirokidagi birinchi video tasvir Mehr axborot agentligi tomonidan e’lon qilindi. 8-avgust kuni tarqatilgan ushbu videoda Mojtaba Xomanaiy bir guruh shaxslar bilan suhbatlashayotgani aks etgan. Biroq, videoning qachon va qayerda suratga olingani, shuningdek, kadrdagi shaxslarning kimligi haqida ma’lumot berilmagan.
Ushbu video Mojtaba Xomanaiyning sog‘lig‘i borasidagi turli taxminlarni rad etish maqsadida e’lon qilingan bo‘lishi mumkin. U 28-fevral kuni AQSH va Isroil hujumlari natijasida vafot etgan otasi, Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘rnini egallagan edi. Hujumlarda olgan jarohatlari va xavfsizlik sababli Mojtaba Xomanaiy hozirgacha jamoatchilikka ko‘rinish bermagan edi.
U iyul oyida otasining dafn marosimida ham ishtirok etmadi. Dafn marosimida Xomanaiyning uch o‘g‘li – Mustafo, Meysam va Mas’ud ko‘rinish bergan edi. Marhum rahbar 10-iyulga o‘tar kechasi Imom Rizo maqbarasida dafn etilgan.
Hozirda AQSH va Isroil razvedka xizmatlari Mojtaba Xomanaiyning joylashuvini, tirik yoki yo‘qligini aniqlash ustida ishlamoqda. Ta’kidlanishicha, oliy rahbar taxminan 150 kundan beri telefondan foydalanmagan, kompyuter ishlatmagan va maxfiy boshpanada yashirinib kelmoqda.
“Mojtaba telefondan foydalanmayotgan bo‘lishi mumkin, unda aloqaning boshqa usullari, masalan, kichik qog‘oz parchalari bor”, degan “Mossad” bo‘limining sobiq rahbari Rami Igra.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron hukumati oliy rahbarga axborot yetkazishda ko‘p qatlamli kuryerlar tarmog‘idan foydalanadi. Kuryerlar maktubning mohiyatini bilmagan holda, uni faqat qo‘ldan qo‘lga yetkazadi. Igra Eron oliy rahbari bilan aloqaga chiqishning yagona real yo‘li u bilan aloqada bo‘lgan agentni yollash ekanini ta’kidlagan. Biroq, Xomanaiyning atrofidagi har bir shaxs o‘ta qattiq tekshiruvdan o‘tkaziladi.
7-avgust kuni Isroil ommaviy axborot vositalari Mojtaba Xomanaiy “o‘ta og‘ir ahvolda” ekani haqida xabar bergandi. Uning hozirgi yashash joyi va mamlakatni boshqarish salohiyati shubha ostiga olingan. Mojtaba Xomanaiydan videomurojaatlar va ovozli xabarlar yo‘qligiga qaramay, uning bayonotlari Eron davlat agentliklari tomonidan tarqatilmoqda.

