Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari “Boku” mehmonxonasi ochilishida ishtirok etdi

Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Norasmiy maslahat uchrashuvi doirasida, Issiqko‘l qirg‘og‘ida qurilgan yangi besh yulduzli “Boku” mehmonxonasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
Ushbu marosimda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etishdi.
Davlat rahbarlari mehmonxona majmuasida yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishib chiqdilar. Ta’kidlanishicha, ushbu majmua dam olish va xalqaro tadbirlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan.
“Boku” mehmonxonasi 17,2 gektar maydonni egallagan bo‘lib, uning umumiy maydoni qariyb 30 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Majmua 120 dan ortiq xonaga ega yetti qavatli bino, shuningdek, basseyn, akvapark, sport va ko‘ngilochar infratuzilmani o‘z ichiga oladi.

