Mahalliy

Markaziy bank axborot xavfsizligi talablariga o‘zgartish kiritdi

Markaziy bank axborot xavfsizligiga doir minimal talablarni yangiladi. Yangi tartibga ko‘ra, nobank kredit tashkilotlarida mijozlarni identifikatsiya qilish va autentifikatsiya qilishda qo‘llaniladigan biometrik ma’lumotlar faqat O‘zbekiston hududida saqlanishi shart bo‘ladi.

Markaziy bank axborot xavfsizligi bo‘yicha talablarni yangiladi.

Markaziy bank boshqaruvi mikromoliya tashkilotlari, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari, kafolat beruvchi tashkilotlar va faktoring tashkilotlarining axborot tizimlarida axborot xavfsizligiga oid minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritdi. Ushbu qaror Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.

Yangi tahrirga ko‘ra, nobank kredit tashkilotlari mijozlarni identifikatsiya qilish va autentifikatsiya qilish jarayonida ishlatiladigan jismoniy shaxslarning biometrik ma’lumotlarini faqat O‘zbekiston hududida saqlashi shart. Shu bilan birga, biometrik bo‘lmagan shaxsga doir boshqa ma’lumotlar qonunchilikda belgilangan tartibda mamlakat tashqarisida saqlanishi va qayta ishlanishi mumkin.

Bundan tashqari, hujjatda axborot xavfsizligiga oid atamalar yangilanib, nizomning amal qilish doirasi kafolat beruvchi va faktoring tashkilotlariga ham kengaytirildi. Xodimlarning konfidensial va shaxsga doir ma’lumotlarni sir saqlash bo‘yicha majburiyatlari hamda boshqa axborot xavfsizligi talablariga aniqlik kiritildi.

axborot xavfsizligimikromoliya tashkilotlarimarkaziy bankma'lumotlarni saqlashbiometrik ma'lumotlarnozbank kredit tashkilotlarifaktoringkafolat tashkilotlari