Iqtisodiyot

Markaziy bank asosiy stavkani yana 14 foiz darajasida qoldirdi

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 29-iyuldagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2026-yil iyun oyida umumiy inflyatsiya yillik 6,4 foizga yetgan bo‘lsa, bazaviy inflyatsiya 5,7 foiz darajasida saqlanib qolgan. Umumiy inflyatsiya bo‘yicha 2026-yil yakuni uchun prognoz 6,5 foiz atrofida, iqtisodiy o‘sish prognozi esa 7,5–8 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etmoqda, shuningdek, moliya sohasi ekspertlarining uzoq muddatli kutilmalari ham ijobiy tomonga o‘zgargan.

Joriy yilning iyun oyida energiya va toshko‘mir narxlarining oshishi ta’sirida umumiy inflyatsiya sur’atlarining qisqa muddatli yuqorilashi kuzatilmoqda. Oziq-ovqat inflyatsiyasi sekinlashgan bir paytda, xizmatlar inflyatsiyasi tezlashmoqda.

Xizmatlar sohasi, turizm, investitsiyalar va chakana savdo hajmining yuqori o‘sishi iqtisodiyotda yalpi talabning barqarorligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, so‘nggi oylarda byudjet xarajatlarining faollashishi kelgusi choraklarda ham iqtisodiy faollik va talab omillarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajaga pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank boshqaruvi 17-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

uzbekistancentral bankmonetary policyinflationenergy priceseconomic forecastinterest rateseconomic growth