Mariupol qamalini yorib oʻtgan va “Izvarino qozoni”dan chiqqan qahramon — Ukraina armiyasi bosh qoʻmondoni Drapatiy haqida

Mariupol qamalini yorib oʻtgan va “Izvarino qozoni”dan chiqqan qahramon — Ukraina armiyasi bosh qoʻmondoni Drapatiy haqida
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mudofaa vaziridan soʻng mamlakat qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni Aleksandr Sirskiyni ham lavozimidan ozod etdi. Uning oʻrniga ancha yosh va harbiylar orasida yaxshi tanilgan general-mayor Mixail Drapatiyni tayinladi. Ukrainaliklar yetakchisi bu qarorga jamoatchilik bosimi ortidan keldi. Mudofaa vaziri Mixail Fedorovning iste’fosidan soʻng yirik shaharlarda boʻlib oʻtgan namoyishlar, ayniqsa, bu oʻzgarishga jiddiy turtki berdi. Chunki jamoatchilik vazir va bosh qoʻmondon oʻrtasida ziddiyatlar borligi haqida allaqachon xabar topib boʻlgandi.
Yangi bosh qoʻmondon bu lavozimga tayinlanishidan avval ham xarizma, shaxsiy jasorat va ilgʻor tashabbuslari ortidan xalq orasida ommalashib ulgurgandi. Qolaversa, u iste’foga chiqqan vazirni ijtimoiy tarmoqlar orqali ochiqcha qoʻllab chiqdi. Ushbu maqolada Mixail Drapatiyning bosib oʻtgan yoʻllari haqida hikoya qilinadi.
**Mariupol qamalini yorib kirish**
General-mayor Mixail Drapatiy hozir 43 yoshda. U dastlabki oliy ta’lim diplomini Xarkov tank qoʻshinlari institutida olgan. 2021-yilda esa mamlakatning yetakchi harbiy ta'lim muassasasi — Milliy mudofaa universitetining eng yaxshi bitiruvchisi boʻlgan. Drapatiyni 2009-yildayoq, aniqrogʻi oliygohni bitirganidan besh yil oʻtib, katta leytenant unvonidan mayor darajasiga koʻtarishgan. Uning oʻsha davrdagi safdoshlaridan biri voqeani mana shunday eslaydi:
> Drapatiy oʻshanda ham xuddi hozirgidek mehnatkash edi. Hamma narsani ijobiy tomonga oʻzgartirishni xohlardi. Katta leytenantni mayor lavozimiga, ayniqsa tinchlik davrida, faqat alohida xizmatlari uchun tayinlashadi.
2014-yilning aprel oyiga kelib Ukraina hukumati mamlakat sharqidagi ayirmachilarga qarshi aksilterror operatsiyasini boshladi. Oʻsha paytlar mayor Drapatiy mamlakat quruqlik kuchlarining 72-brigadasi tarkibida batalyon qoʻmondoni edi. U xizmat qilayotgan brigadani Mariupol atrofiga yuborishdi. Oʻsha paytda shaharda rossiyaparast guruhlar faollashib, ma’muriy binolar hamda kuch tuzilmalariga tegishli obyektlarni egallashga harakat qilayotgandi.
Shundan soʻng shaharga kirish nuqtalariga, shuningdek Mariupol aeroportiga armiya qismlari joylashtiriladi. Ammo bu ham xavfsizlikni toʻliq ta’minlash uchun yetarli emasdi. Oʻsha yilning 9-may kuni ayirmachilar shahar ichki ishlar boshqarmasi binosiga hujum uyushtirdi. Oʻsha paytda binoda kuch tuzilmalari vakillarining yigʻilishi boʻlib oʻtayotgan edi. Toʻqnashuv davomida “Dnipro” batalyoni qoʻmondoni Sergiy Demidenko hamda shahar YHXB boshligʻi Viktor Sayenko halok boʻldi. Mariupol militsiyasi boshligʻi Valeriy Andrushchak esa garovga olindi. Shundan soʻng armiya boʻlinmalari, jumladan 72-brigada askarlarini yordamga chaqirishdi. Drapatiy ana shu voqealarni quyidagicha eslagandi:
> Belgilangan obyektga yetib kelganimizdan soʻng zarur tadbirlarni amalga oshirdik. Bino yona boshlagach, oʻt oʻchiruvchilar yetib keldi va ularning narvonlari orqali odamlarni qutqarishga muvaffaq boʻldik. Shundan keyin tartibli ravishda chekindik. Keyingi tozalash ishlarini boshqa boʻlinmalar bajardi, ammo menimcha, bu vaziyatda asosiy rolni aynan bizning askarlar oʻynagan.
Vaziyat keskinlashgan oʻsha vaqtlarda shaharning rossiyaparast aholisi militsiya binosi oldiga toʻplanib, yoʻllarda barrikadalar qurdi. Ammo ichida Drapatiy boʻlgan BMP-2 piyoda jangovar mashinasi sun’iy toʻsiq ustidan yuqori tezlikda oshib oʻtdi. Qolganlar esa unga ergashdi. Shunday qilib, harbiylar shahardan vaqtinchalik chekinishga va Mariupol tashqarisidagi oʻz pozitsiyalariga qaytishga muvaffaq boʻldi.
> “Mexanik-haydovchi oldimizdagi barrikadalar balandligi bir metrdan oshishini aytib, nima qilishni soʻradi. Men esa ʻyanchib oʻtamiz’ dedim. Voqea tasvirlangan video keyinchalik butun dunyoni aylanib chiqdi”, degan edi Drapatiy oʻsha voqealarni eslab.
Iyun oyining oʻrtalariga kelib Ukraina armiyasi shaharni ayirmachilardan qaytarib oldi. Ammo bu safargi janglarda 72-brigada qatnashmadi.
**Qurshovdan olib chiqilgan 260 nafar harbiy**
Drapatiy xizmat qilayotgan brigada Mariupol yoʻnalishidan olinib, Lugansk oblastining Rossiya bilan chegaradosh hududlarini qoʻriqlash uchun Izvarino va Krasnopartizansk aholi punktlariga yuborildi. Ularga ayirmachilar Rossiyadan harbiy texnika, qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar olishiga yoʻl qoʻymaslik vazifasi yuklatilgandi. Uning aytishicha, brigada bu vazifani “vaziyat keskin yomonlashgunga qadar” muvaffaqiyatli bajargan. Koʻp oʻtmay ukrainalik harbiylarni Rossiya hududidan “Grad” raketa tizimlari va minomyotlar yordamida oʻqqa tutish boshlandi. Ukraina qoʻmondonligi bu Kreml uchun toʻlaqonli urushga bahona boʻlishidan qoʻrqib, javob qaytarmaslikni buyuradi. Drapatiy oʻsha kunlarni shunday eslaydi:
> Eng dahshatlisi — Rossiya Federatsiyasi hududidan artilleriya zarbalari ostida qolib, bunga umuman javob bera olmaslik edi. Odamlar okopdan boshini ham koʻtara olmasdi. Bombardimon esa uch-besh soat, ba’zan esa tun boʻyi davom etardi.
Ham rus armiyasi, ham ayirmachilar tomonidan oʻqqa tutilgan Ukraina askarlari uchun vaziyat ogʻirlashib borardi. Oradan koʻp oʻtmay, isyonchilar ularni uch tomondan oʻrab oldi. Toʻrtinchi tomonda esa Rossiya bor edi. Bu voqealar tarixga “Izvarino qozoni” nomi bilan kirdi. Bir necha yuz harbiy xizmatchi chegarani kesib oʻtib, qurollarini topshirdi. Ammo Drapatiy ruslarga taslim boʻlishni xohlamasdi. U oʻz batalyoni bilan qurshovni yorib chiqdi. 260 nafar harbiy xizmatchi uch kun davomida 160 km yoʻl bosib, atigi bir nafar qurbon berishdi. Ular, shuningdek, 30 ta texnikani oʻzlari bilan olib chiqishdi.
> “Agar oʻsha hududlarda qolishda davom etganimizda, shaxsiy tarkib va texnika borasida ancha koʻproq qurbon bergan boʻlardik. Vaziyat shunday tus olgandiki, bizda faqat bitta yoʻl qolgandi”, degan Drapatiy oʻsha voqealarni eslab.
**Xerson va Donetskdagi vaziyatni barqarorlashtirgan**
Mayor Drapatiy 2016-yili 58-alohida brigada qoʻmondoni etib tayinlandi. 2019-yilga kelib unga polkovnik unvoni berildi. Keng koʻlamli urush boshlangunga qadar Drapatiy Donetsk oblastida xizmat qilib, shu bilan bir vaqtda Ukraina Milliy mudofaa universitetida tahsil olgan. U 2022-yilning mart oyida “Janub” operativ birlashmasi qoʻmondoni etib tayinlangan. Keyinchalik ushbu birlashma “Xerson” qoʻshma qoʻshinlar guruhi tarkibiga kiritildi.
Drapatiy 2022-yil kuziga kelib Xerson oblastining hozirgacha Ukraina nazoratida qolayotgan qismlarini ozod qilish operatsiyasida qatnashdi. Ular qariyb 30 ta aholi punktini, jumladan Berislav shahrini ozod qilib, taxminan 30 kilometr oldinga siljishga erishdi. Oradan bir yil oʻtib Drapatiy “Xerson” qoʻshinlar guruhi qoʻmondoni boʻldi. Xerson yoʻnalishida u bilan birga jang qilgan batalyon qoʻmondonlaridan biri “Ukrainska Pravda” nashriga intervyu berib, Drapatiy yoʻqotishlarni imkon qadar kamaytirishga harakat qilishini aytgan. Materialda keltirilishicha, u bir safar qoʻmondonlarni askarlar bilan haddan tashqari qoʻpol muomalada boʻlmaslikka undagan.
2024-yili Vladimir Zelenskiy Drapatiyni Bosh shtab boshligʻining harbiy tayyorgarlik boʻyicha oʻrinbosari etib tayinladi. Oʻsha yil may oyida Rossiya Xarkov shimoliga hujum boshladi. Bosh shtab vaziyatni barqarorlashtirish uchun ushbu yoʻnalishga rahbarlik qilishga aynan Drapatiyni tanladi. Shundan soʻng Ukraina kuchlari hujumni toʻxtatishga muvaffaq boʻldi. Hatto ruslarni ayrim aholi maskanlaridan quvib chiqardi.
Drapatiy oʻsha yilning oyida Donetsk oblastiga yuborildi. Boisi Rossiya qoʻshinlari Ukraina armiyasining Toretsk va Nyu York aholi punktlari atrofidagi pozitsiyalarini egallayotgandi. “Babel” nashri manbasining ta’kidlashicha, u kelganidan soʻng frontning mazkur uchastkasidagi vaziyat barqarorlashgan. Shundan soʻng harbiylar orasida Drapatiyni “oʻt oʻchiruvchi”, deb atash ommalashgan. 2024-yilning oktyabr oyida Drapatiyga general-mayor unvonini oldi. Yana bir oy oʻtib esa u Ukraina Quruqlik qoʻshinlari qoʻmondoni etib tayinlandi. Yangi qoʻmondonga tizimni isloh qilish vazifasi yuklatilgandi. Ammo Pokrovsk yaqinida vaziyat ogʻirlashgani bois u yana frontga yoʻl oldi. 2025-yili yuz bergan ikkita holat esa uning bu lavozimdan ketishiga turtki boʻldi.
**Poligonga zarbalardan soʻng iste’foga chiqqan**
Oʻsha yilning 1-mart kuni Rossiya harbiylari Dnepropetrovsk viloyatidagi poligonga raketa zarbasi berdi. Ukrainaliklar hujum vaqti ochiq osmon ostida toʻplanib turgani bois 30 nafardan ortiq harbiy xizmatchi halok boʻldi. Shundan soʻng Drapatiy bosh qoʻmondon Aleksandr Sirskiydan hayfsan oldi. Oradan roppa-rosa uch oy oʻtib, xuddi shu poligonga yana “Iskander” tizimi bilan zarba berildi. Bu safar 12 kishi halok boʻldi. Shundan keyin Quruqlik qoʻshinlari qoʻmondoni iste’fo berdi. U oʻz bayonotida shunday yozgandi:
> Bu mening shaxsiy mas’uliyat hissim tufayli qabul qilingan ongli qarordir. Voqealarni oʻzaro yashirish va jazosizlik armiya uchun zahar hisoblanadi. Men bularni Quruqlik qoʻshinlari safidan yoʻq qilishga harakat qildim. Ammo fojialar takrorlanayotgan ekan, demak mening sa’y-harakatlarim yetarli boʻlmagan.
Bir necha kundan soʻng u Quruqlik qoʻshinlari qoʻmondoni sifatidagi faoliyatiga yakun yasab, yana bir shov-shuvli bayonot e’lon qildi. Unda shunday deyilgandi:
> Men lavozimni qabul qilgan paytda Quruqlik qoʻshinlari qoʻmondonligi ma'muriy turgʻunlik holatida edi. Qoʻrquv muhiti hukm surardi. Tashabbus yoʻq edi. Tanqid va fikr-mulohazalarni qabul qilishga tayyorlik boʻlmagan. Shaxsiy tarkib muammolariga befarqlik, faqat tashqi koʻrinishdagi intizom va shtab bilan jangovar boʻlinmalar oʻrtasida chuqur uzilish mavjud edi. Tizimli sui’iste’mol holatlari, tanish-bilishchilik asosidagi kadrlar siyosati hamda ichki tashkilotchilikning past darajasi kuzatilardi.
Iste’fodan soʻng Zelenskiy uni darhol Qoʻshma kuchlar qoʻmondoni etib tayinladi. 2025-yil oktyabr oyida esa u yangi tashkil etilgan Qoʻshma kuchlar guruhiga qoʻmondonlikni qabul qilib oldi. Mazkur guruhning mas’uliyat hududi Xarkov viloyati va unga tutash hududlarni oʻz ichiga oladi. “Ukrainska Pravda” buni Drapatiy vakolatlarining torayishi sifatida baholagan. Nashr manbalaridan biri esa Sirskiy shu orqali raqibidan qutulmoqchi boʻlayotganini ta’kidlagan. Boisi oʻsha vaqtlardagi Bosh qoʻmondon Quruqlik qoʻshinlari qoʻmondonida siyosiy ambitsiyalar koʻra boshlagan.
> “Drapatiy korrupsiyaga aralashmagan. Noodatiy fikrlaydi va hech qachon nimanidir 'hal qilib berishga' rozi boʻlmagan. Shu sababli u boshqalardan ajralib turadigan odam sifatida koʻriladi. Bu esa uning siyosiy ambitsiyalari borligi haqida gumon qilishlariga sabab boʻladi”, deya ta’kidlagan manbalardan biri.
**Lavozimidan boʻshatilgan mudofaa vazirini qoʻllab-quvvatlagan**
Joriy yilning 16-iyul kuni Vladimir Zelenskiy mudofaa vaziri Mixail Fedorovni lavozimidan ozod qildi. Zamonaviy qarashlarga ega texnokrat amaldorning ishdan olinishi jamoatchilik e’tiroziga sabab boʻldi. Uni qoʻllab chiqqanlar orasida Drapatiy ham bor edi. Qoʻmondon ishdan olingan mudofaa vaziri haqida tarmoqlar orqali quyidagilarni yozdi:
> Mudofaa vazirligiga yangi jamoa kelishi bilan harbiy tizim yillar davomida amal qilib kelgan qoidalarni oʻzgartirishga haqiqiy urinish boshlandi. Gap yangi nomlar yoki qogʻozda qolib ketadigan navbatdagi islohotlar haqida emasdi. Gap jangchilar va qoʻmondonlar har kuni salbiy oqibatlarini oʻz tanasida his qilayotgan muammolar haqida edi. Men Mudofaa vazirligi jamoasiga ushbu ishni boshlagani va tizim yillar davomida sukut bilan chetlab oʻtgan masalalarni koʻtarishdan qoʻrqmagani uchun minnatdorchilik bildiraman.
Oradan besh kun oʻtib prezident Zelenskiy bosh qoʻmondon Aleksandr Sirskiyni ham lavozimidan ozod qildi. Uning oʻrniga esa Mixail Drapatiy tayinladi. Shundan soʻng Fedorov ham yangi tayinlovga munosabat bildirib, bayonot e'lon qildi.
> “General-mayor Mixail Drapatiyni Ukraina qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni lavozimiga tayinlangani bilan tabriklayman! Bu erkin insonlarning ozodlik va adolat uchun kurashida yangi shamol va yangi umiddir”, deyiladi uning bayonotida.
Zelenskiy Fedorovni oʻz jamoasida saqlab qolish uchun “yangi va munosib” lavozim taklif qilgan. Sobiq vazir bu lavozimda davlatning texnologik yoʻnalishini birlashtirish va sohani rivojlantirish bilan shugʻullanadi. Biroq “Ukrainska Pravda” manbalari Fedorov bu taklifni rad etganini bildirgan. Qayd etilishicha, u Rossiyani jilovlash boʻyicha oʻz strategiyasini Mudofaa vazirligiga tegishli vakolat hamda resurslarsiz amalga oshira olmasligiga ishongan.

