“Manchester Siti” JCHda porlagan futbolchi bilan kelishuvga erishdi

“Manchester Siti” JCHda porlagan futbolchi bilan kelishuvga erishdi
“Manchester Siti” klubi Fransiyaning “Lill” jamoasi yarim himoyachisi Ayyub Buaddi bilan kelishuvga erishgani haqida Goal nashri xabar berdi.
Buaddi “Lill” safidagi muvaffaqiyatli mavsumdan so‘ng, shuningdek, 2026-yil yozida Marokash terma jamoasi tarkibida Jahon chempionatidagi ajoyib ishtirokidan keyin Yevropaning yetakchi klublari e’tiborini tortgan edi.
Avvalroq Buaddiga “Arsenal”, “Manchester Yunayted”, “PSJ” va “Bavariya” kabi klublar qiziqish bildirgani aytilgan edi, biroq 18 yoshli yarim himoyachi uchun kurashda “Man Siti” ustunlik qilmoqda.
“Shaharliklar” Buaddi bilan og‘zaki kelishuvga erishgan va hozirda “Lill” bilan Ayyub uchun to‘lanadigan tovon puli miqdorini muhokama qilmoqda. “Manchester Siti” Rodrining kelajagi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Buaddini sotib olish niyatida.
Futbolchining transferi 100 million yevrodan yuqori summaga amalga oshishi mumkinmi, degan savolga “Lill” prezidenti Olivye Letang qat’iy javob berdi:
“Bugungi kunda yagona haqiqat shuki, Ayyub 100 foiz ‘Lill’ futbolchisi. Ha, bizga rasmiy takliflar kelib tushdi, ammo ular mutlaqo qoniqarli emas. Chunki Ayyub biz uchun ham, klubning sport loyihasi uchun ham nihoyatda muhim va tayanch futbolchi hisoblanadi”, dedi Letang.
Shunga qaramay, ikki klub o‘rtasidagi muzokaralar jadal davom etmoqda. “Lill” marokashlik iqtidor egasini qo‘yib yuborish uchun juda yuqori miqdordagi transfer puli talab qilmoqda. Klub futbolchini nafaqat sport, balki tijoriy nuqtai nazardan ham eng qimmat aktivlaridan biri sifatida baholamoqda.
Jurnalist Florian Plettenbergning ma’lum qilishicha, Ayyub Buaddi vaziyatini Yevropaning bir qator top-klublari diqqat bilan kuzatib bormoqda. Shunga qaramay, muzokaralardagi sezilarli siljish va moliyaviy imkoniyatlari tufayli aynan “Manchester Siti” transferni yakunlash uchun eng yaqin nomzod bo‘lib turibdi.

