Iqtisodiyot

Lufthansa sof foydasi keskin qisqardi

Germaniyaning Lufthansa yirik aviakompaniyasi 2026-yilning ikkinchi choragida sof foydasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 88 foizga kamayganini ma’lum qildi. Kompaniya moliyaviy natijalarning yomonlashishiga yonilg‘i narxining keskin oshishi va uchuvchilarning ish tashlashlari asosiy sabab bo‘lganini qayd etdi.

Lufthansa kompaniyasining sof foydasi sezilarli darajada kamaydi.

Kompaniyaning 4-avgust kuni e’lon qilingan moliyaviy hisobotiga ko‘ra, ikkinchi chorakda Lufthansa’ning sof foydasi 123 million yevroga tushgan. Operatsion foyda esa 56 foizga qisqarib, 383 million yevroni tashkil etgan.

Shu bilan birga, kompaniya daromadi 8 foizga o‘sib, 11,1 milliard yevroga yetgan. Biroq tushumning oshishi xarajatlarning keskin ko‘payishini qoplash uchun yetarli bo‘lmagan.

Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, yonilg‘i xarajatlari kutilganidan 750 million yevroga ko‘proqni tashkil etgan. Uchuvchilarning ish tashlashlari esa aviatashuvchiga yana 150 million yevro zarar keltirgan.

Lufthansa rahbariyati mazkur holat AQSh va Eron o‘rtasidagi mojaro ortidan aviatsiya yonilg‘isi narxining oshib ketgani bilan ham bog‘liq ekanini ta’kidladi. Shu sababli kompaniya 2026-yil yakunida ham foyda kamayishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Moliyaviy hisobot e’lon qilingach, Lufthansa aksiyalari birja savdolarida 10 foizdan ortiq arzonladi.

Kompaniya moliya direktori Till Shtrayxertning aytishicha, aviatsiya kerosini narxi oshib ketishi tufayli yuzaga kelgan qo‘shimcha xarajatlarning taxminan 60 foizini aviachiptalar narxini oshirish hisobiga qoplashga muvaffaq bo‘lingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin oylarda chiptalar narxi yana oshishi ehtimoli yuqori.

Bosh direktor Karsten Shpor esa, narxlar qimmatlashganiga qaramay, aviaqatnovlarga talab yuqoriligicha qolayotganini bildirdi.

Shu bilan birga, texnik xizmat ko‘rsatish va yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi Lufthansa tarkibidagi kompaniyalar moliyaviy natijalarga ijobiy hissa qo‘shgan. Ammo aviakompaniyaning raqobatchilari - Air France-KLM va IAG (British Airways egasi) foydaning nisbatan kamroq qisqarganini ma’lum qilgan.

Kompaniya ayrim yo‘nalishlarda Eron atrofidagi vaziyatdan ham iqtisodiy jihatdan foyda ko‘rgan. Mojaro sabab Emirates va Qatar Airways kabi Fors ko‘rfazi aviakompaniyalari o‘z hablari faoliyatini vaqtincha cheklagani uchun Yevropa aviatashuvchilari Osiyo yo‘nalishlarida chipta sotishdan ko‘proq daromad olgan.

Biroq Lufthansa rahbariyatining qayd etishicha, Fors ko‘rfazi aviakompaniyalari hozirda barcha reyslarni qayta tiklagan va bozorda raqobatni kuchaytirish maqsadida yana jozibador tariflarni taklif etmoqda.

Shu yil aprel oyida Lufthansa yonilg‘i xarajatlarining oshishi va kasaba uyushmalari bilan mehnat nizolari sababli o‘zining mintaqaviy CityLine aviakompaniyasi faoliyatini to‘xtatishini e’lon qilgan edi.

competitionticket pricesfinancial resultslufthansafuel costspilot strikesairline industrystock market