Litva: Rossiya qo‘lga kiritilgan ukrain dronlaridan foydalanishi mumkin
Litva mudofaa vaziri Robertas Kaunasning ma’lum qilishicha, Rossiya Boltiqbo‘yi mintaqasidagi muhim infratuzilma ob’yektlariga hujum qilish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Uning aytishicha, bunday ehtimoliy operatsiyalarda qo‘lga kiritilgan ukrain dronlaridan foydalanilishi mumkin, biroq hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid mavjud emas.

Litva mudofaa vaziri Robertas Kaunasning bayonotiga ko‘ra, Rossiya Boltiqbo‘yi mintaqasidagi muhim infratuzilma ob’yektlariga qarshi hujumlar rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkin.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Litva razvedkasi Moskva bunday ssenariyni istisno etmayotganini ko‘rsatmoqda. Bu holat Rossiyaning Boltiq davlatlari Ukrainaga o‘z havo hududidan Rossiyaga zarba berishga ruxsat berganligi haqidagi noto‘g‘ri tasavvuri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Kaunasning ta’kidlashicha, ehtimoliy hujumlarda Rossiya qo‘lga kiritilgan ukrain uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishi mumkin. Bu orqali Moskva hujumlar uchun mas’uliyatni Ukrainaga yuklash, Kiyevga bo‘lgan ishonchni susaytirish va NATO davlatlarining Ukrainaga ko‘magiga salbiy ta’sir ko‘rsatishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, Robertas Kaunas hozircha Boltiq davlatlari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy tahdid mavjud emasligini qayd etdi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri Litva, Latviya va Estoniya bir necha bor o‘z havo hududiga dronlar kirib kelgani haqida xabar bergan. Rasmiylarning baholashicha, ularning ayrimlari Rossiyaga, ayrimlari esa ehtimol Ukrainaga tegishli bo‘lib, ko‘p hollarda Rossiya radioelektron kurash vositalari ta’sirida belgilangan yo‘nalishdan og‘ib ketgan.
Bu kabi hodisalar Boltiq davlatlarida xavfsizlik bo‘yicha xavotirlarni kuchaytirib, havo mudofaasi va dronlarga qarshi tizimlarni mustahkamlashga, shuningdek, NATOning mintaqa havo hududini qo‘riqlash missiyasini kengaytirishga turtki bo‘lgan.

