Laos SHHTning muloqot bo‘yicha sherigi maqomini oldi

Shanxay hamkorlik tashkilotining (SHHT) Kotibiyatida Laos Xalq Demokratik Respublikasiga tashkilotning muloqot bo‘yicha sherigi maqomini berish to‘g‘risidagi Memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Laos SHHTning muloqot bo‘yicha sherigi maqomini oldi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shanxay hamkorlik tashkilotining (SHHT) Kotibiyatida Laos Xalq Demokratik Respublikasiga tashkilotning muloqot bo‘yicha sherigi maqomini berish to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Kotibiyat maʼlumotlariga ko‘ra, hujjatni tashkilot bosh kotibi Nurlan Yermekbayev va Laos bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Txongsavan Fomvixan imzoladi.

Ushbu tadbirda Nurlan Yermekbayev Laos tomonini yangi maqom bilan tabriklab, Vyentyan tashkilotning ko‘p qirrali kun tartibini amalga oshirishda faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi. Bosh kotib, shuningdek, suhbatdoshiga SHHT faoliyatining dolzarb masalalari va tashkilotning Bishkekda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitiga tayyorgarlik jarayoni haqida ma'lumot berdi.

Laos TIV rahbari esa SHHTning xalqaro maydondagi rolini yuqori baholab, mamlakati tashkilot doirasidagi hamkorlikka katta ahamiyat berayotganini taʼkidladi. Tomonlar imzolangan memorandumni hayotga tatbiq etish bo‘yicha amaliy qadamlar va SHHT hamda ASEAN o‘rtasidagi sheriklik masalalarini muhokama qildi.

Tantanali marosimda SHHTga aʼzo davlatlarning tashkilot Kotibiyati huzuridagi doimiy vakillari, Xitoyda akkreditatsiyadan o‘tgan elchilar, aʼzo mamlakatlar va muloqot bo‘yicha sheriklar diplomatik missiyalarining xodimlari ishtirok etdi.

Hozirgi kunda Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston SHHTga aʼzo davlatlar hisoblanadi.

Laosning qo‘shilishi bilan SHHTning muloqot bo‘yicha sheriklari soni o‘n beshtaga yetdi. Ular orasida Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kambodja, Qatar, Kuveyt, Laos, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Shri-Lanka va Turkiya mavjud.

xalqaro hamkorlikaseantoshkentlaosshhtdiplomatiyamuloqotmemorandum