Kun bo‘yi konditsioner yoqilgan xonada o‘tirish qanday oqibatlarga olib keladi?

Konditsionerli xonada kun bo‘yi o‘tirishning salbiy oqibatlari qanday?
Yozning jazirama kunlarida konditsioner qutqaruvchi vosita bo‘lsa-da, undan noto‘g‘ri foydalanish oddiy shamollashdan tortib, jiddiy kasalliklarga qadar olib kelishi mumkin. Shifokor-terapevt Yevgeniy Tarasovning ta’kidlashicha, konditsionerning asosiy xavfi uning o‘zida emas, balki uni noto‘g‘ri ishlatishdadir.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, tashqaridagi issiq va xona ichidagi sovuq havo o‘rtasidagi keskin harorat farqi immunitetni zaiflashtirib, yozgi shamollash, faringit va tonzillit kabi kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, sovuq havo oqimining bo‘yin va yelka qismiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri urilishi mushak yallig‘lanishi (miozit) va nervlarning qisilib qolishiga olib keladi.
Konditsioner ishlayotgan xonani uzoq vaqt shamollatmaslik havoda chang va karbonat angidrid miqdorini oshiradi. Bu esa bosh og‘rig‘i, charchoq va diqqatning pasayishiga olib kelishi mumkin.
Mutaxassisning ogohlantirishicha, konditsioner filtrlari o‘z vaqtida tozalanmasa, ularda mog‘or va og‘ir pnevmoniyani keltirib chiqaruvchi legionella bakteriyalari to‘planishi mumkin. Bundan tashqari, sovutilgan havo burun va tomoq shilliq qavatini quritib, organizmning tabiiy himoyasini susaytiradi.
Tarasovning aytishicha, doimiy sovuq havo bo‘g‘im og‘riqlarini kuchaytirishi va yurakka qo‘shimcha yuklama berishi ham mumkin. Shu sababli konditsionerdan me’yorida foydalanish, xonani muntazam shamollatish va qurilmani o‘z vaqtida texnik xizmatdan o‘tkazish tavsiya etiladi.

