Korzinka Toshkentdagi 36 ta avtoturargohni ijaraga olish huquqi uchun qariyb 21 mlrd so‘m to‘ladi
Korzinka`ni boshqaruvchi Anglesey Food kompaniyasi do‘konlari yonidagi 36 avtoturargoh ijara huquqi uchun qariyb 21 mlrd so‘m to‘ladi. Savdolar 9 soatdan ko‘p davom etdi, lot narxi 15,6 barobarga oshdi. Bu xaridorlarga avtoturargohdan bir soat bepul foydalanish imkoniyatini saqlab qolish uchun amalga oshirilgan.

Korzinka Toshkentda 36 ta avtoturargohni ijaraga olish huquqi uchun 21 milliard so‘m to‘laydi
Korzinka supermarketlari tarmog‘ini boshqaruvchi Anglesey Food kompaniyasi Toshkentdagi do‘konlari yaqinida joylashgan 36 ta avtoturargohni ijaraga olish huquqini qo‘lga kiritdi.
E-auksion ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya yagona lot uchun 20,95 milliard so‘m (taxminan 1,74 million dollar) taklif qildi. Bu boshlang‘ich narxdan (1,34 milliard so‘m) qariyb 16 barobar yuqori.
Savdolar 13-iyul kuni o‘tkazildi va 9 soat 28 daqiqa davom etdi. 293 qadam davomida lot narxi 1,3 milliard so‘mdan 20,948 milliard so‘mgacha, ya’ni 15,65 barobar oshdi. G‘olib kompaniya to‘lovni amalga oshirdi, hozirda buyurtmachi bilan shartnoma tuzilishi kutilmoqda.
Iyun oyida Tashkent Invest munitsipal kompaniyasi poytaxtning 10 tumanida joylashgan, umumiy maydoni 3,99 gektar bo‘lgan yer uchastkalarini yagona lot sifatida savdoga qo‘ygan edi. Ularda davlat-xususiy sheriklik asosida pulli yer usti avtoturargohlari tashkil etish rejalashtirilgan.
Loyiha muddati 10 yilni tashkil etadi, xususiy investitsiyalarning eng kam hajmi esa 10,85 milliard so‘m qilib belgilangan.
Lotga ilova qilingan ro‘yxat va geolokatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, barcha 36 ta uchastka Korzinka supermarketlari yonida joylashgan.
Tarmoq matbuot xizmati avtoturargohlarni ijaraga olish huquqini qo‘lga kiritganini tasdiqlab, loyiha xaridorlar uchun avtoturargohlardan foydalanish imkoniyatini yaxshilashga qaratilganini bildirdi.
“Korzinka uchun avtoturargoh xaridorlarga ko‘rsatiladigan xizmatning muhim qismidir. Kompaniya mehmonlar do‘konga tashrif buyurganida avtomobil uchun bo‘sh joy izlashga ortiqcha vaqt sarflamasdan, xaridlarini qulay amalga oshirishlari uchun sharoit yaratishga intiladi”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Korzinka marketing departamenti rahbari Malik Karimovning yozishicha, tarmoq xaridorlar uchun avtoturargohdan bepul foydalanish imkoniyatini saqlab qolish maqsadida savdolarda mustaqil qatnashgan.
“Biz ularni o‘zimiz sotib oldik, chunki mijozlarga xarid qilish uchun bir soat bepul vaqt berishni va ularni boshqa biror kishi sotib olib, istagan tarifni belgilashi mumkin bo‘lgan vaziyatning oldini olishni istadik”, — dedi u.
Bunday tizim tarmoqning bir qator supermarketlari yonida allaqachon amal qilmoqda: avtoturargohning birinchi soati bepul taqdim etiladi, shundan keyin esa soatbay haq olinadi. Korzinka ta’kidlashicha, ko‘pchilik xaridlar uchun bir soat yetarli bo‘ladi, vaqt bo‘yicha cheklov esa avtoturargohlardagi joylar aylanmasini oshirish imkonini beradi.
Loyihaning texnik operatori sifatida hozirgi bosqichda Parking24 ishtirok etmoqda. Avtoturargohlarni tashkil etish barcha belgilangan tartib-taomillar va kelishuvlar yakunlanganidan keyin bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Kompaniya alohida ta’kidlashicha, gap yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohlar haqida ketmayapti. Korzinka umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylab joylashgan joylarni olmaydi.
“Gap faqat Korzinka supermarketlari yonida mavjud bo‘lgan avtoturargoh maydonlari haqida bormoqda. Ushbu avtoturargohlar qatnov qismidan tashqarida joylashgan bo‘lib, yo‘l harakati, piyodalar yo‘laklari va yashil hududlardan ajratilgan hamda allaqachon supermarket mehmonlari

