Koinotdagi chang bulutida shakar aniqlandi

Koinotdagi chang bulutida shakar topildi
Astronomlar Somon Yo‘li galaktikasi markaziga yaqin joylashgan katta chang va gaz bulutida tabiiy shakarni aniqlashdi. Ushbu shakar turi malina mevasida mavjud bo‘lib, sun’iy qoraytiruvchi losyonlarda ham qo‘llaniladi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Bu kashfiyot koinotda biror sivilizatsiyaning mavjudligini anglatmaydi. Biroq, hayot uchun zarur bo‘lgan moddalar yulduzlararo sovuq fazoda ham paydo bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Hayot urug‘lari kosmosdan kelganmi?
Eritruloza deb ataladigan ushbu oddiy shakar koinotdagi mayda chang zarralarida kimyoviy reaksiyalar natijasida hosil bo‘ladi. Keyinchalik, u yaqin atrofdagi sayyoralarga yomg‘ir bo‘lib yog‘ishi yoki kometalar tarkibiga kirib, sayyoralarga urilishi mumkin.
“Bu yulduzlararo fazoda aniqlangan birinchi shakardir. Bu kashfiyot bunday shakar turlari biz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq tarqalganini ko‘rsatadi”, deydi Ispaniya Astrobiologiya markazi olimi, doktor Izaskun Himenes-Serra.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu boshqa sayyoralarda ham hayot xuddi Yerdagidek rivojlanish ehtimolini oshiradi. Olimlar uzoq vaqt davomida Yerda oddiy shakar qanday ko‘payib ketganini tushuna olmayotgan edi.
Chunki laboratoriya tadqiqotlari bu moddalarning yosh Yer sayyorasida osonlikcha hosil bo‘la olmasligini ko‘rsatgan. Avvalroq qadimgi meteoritlar va Bennu asteroidida shakar izlari topilgan edi. Ammo shu vaqtgacha yulduzlararo muhitda bunday moddalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aniqlanmagan edi.
Kutilmagan kashfiyot va -250°C daraja sovuq
Himenes-Serra va uning hamkasblari Somon Yo‘li markazi yaqinidagi G+0.693-0.027 deb nomlangan chang bulutini kuzatish uchun Ispaniyadagi ikkita radioteleskopdan foydalanishdi. Ular dastlab uchta uglerod atomiga ega oddiy shakarlarni qidirdi, biroq topa olishmadi. Olimlar boshqa shakarlarni topishdan umidini uzgandilar, ammo to‘satdan to‘rtta uglerod atomli eritruloza shakarining signalini paydo bo‘ldi.
Nature Astronomy jurnalida yozilishicha, kosmosning ayrim burchaklarida ko‘p uchraydigan ikki modda — glikolaldegid va etilen glikol mikroskopik chang zarralarida birlashganda eritruloza hosil bo‘ladi. Bu reaksiyalar koinotdagi -250°C daraja atrofidagi o‘ta sovuq haroratda ham sodir bo‘ladi.
RNK va DNKning asosi
Eritruloza kabi oddiy shakarlar hayot uchun energiya berishdan tashqari, ribonukleotidlarni hosil qiladi. Ular esa birinchi genetik material bo‘lgan RNKning asosi hisoblanadi. Keyinchalik, hayot rivojlangani sari, mustahkamroq genetik kod ombori sifatida DNK paydo bo‘lgan. RNK esa genlar va oqsillar o‘rtasidagi vositachiga aylangan.
Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Yerdagi qadimgi kuchli meteorit va kometa zarbalari davrida sayyoramizga millionlab tonna eritruloza yomg‘ir bo‘lib yog‘ilgan bo‘lishi mumkin.
“Bunday organik moddalar yomg‘iri hayot paydo bo‘lishida asosiy qadam bo‘lgan deb o‘ylayman. Bu materiallar birinchi biomolekulalar sintez qilingan ilk organik ‘sho‘rva’ga hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkin”, deydi Himenes-Serra.
Malina va qoraytiruvchi losyon o‘rtasidagi bog‘liqlik
Eritruloza qizil malina tarkibida juda kam miqdorda bo‘ladi. Shuningdek, u sun’iy qoraytiruvchi los

