Texnologiya

Kanadalik deputat parlamentda adashib SI javobini oʻqib berdi (video)

Kanadalik deputat Bill Oliver parlamentdagi nutqi chog‘ida beixtiyor ChatGPT tomonidan faqat uning o‘zi uchun tayyorlangan javob qismini o‘qib berdi. Ushbu holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib ketdi. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.

Nyu Bransuik provinsiyasidan saylangan deputat sun’iy intellekt javobini asosiy matndan ajrata olmay, uni nutqiga qo‘shib o‘qib yuborgan. U shunday degan: “Mana ushbu bo‘limning qisqa punktlar emas, balki qonunchilik nutqiga o‘xshab o‘qiladigan yanada tabiiy va ravonroq varianti”.

Bu jumla chatbotning matn bo‘yicha taklif etgan varianti va unga bergan izohi edi. Oliver nutqqa shu qadar berilib ketganidan, tayyor matn o‘rniga sun’iy intellekt bergan javobni o‘qiganini sezmagan. Noqulay vaziyatga qaramay, u hech narsa bo‘lmagandek nutqini davom ettirgan.

Deputat nutqni tayyorlashda aynan qaysi sun’iy intellekt xizmatidan foydalangani noma’lum. Shuningdek, matn ustida Oliverning o‘zi ishlaganmi yoki uning xodimlaridan biri shunday qilganmi – bu ham aniq emas.

Avvalroq AQSH Kiberxavfsizlik agentligining vaqtinchalik rahbari ChatGPT’ga xizmat fayllarini sizdirgani aniqlangandi. Bu fayllar “faqat xizmat doirasida foydalanish uchun” belgisi qo‘yilgan va ommaviy tarqatishga mo‘ljallanmagan CISA shartnoma hujjatlaridan iborat bo‘lgan.

kanadadeputatchatgptnutqxatovideosun'iy intellektparlament