Joli, Skorseze va boshqa yulduzlarning shaxsiy ma’lumotlari internetga tarqalib ketdi

**Joli, Skorseze va boshqa mashhurlarning shaxsiy ma’lumotlari internetga sizib chiqdi**
Kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspert Jeremi Faulerning ma’lum qilishicha, Gollivud yulduzlarining shaxsiy ma’lumotlari internetda oshkor bo‘lgan. Bu haqda The Sun nashri xabar berdi.
Jeremi Faulerning so‘zlariga ko‘ra, mashhurlarning telefon raqamlari va elektron pochta manzillari tarmoqda paydo bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, Anjelina Joli, Sheron Stoun, Robert De Niro, Jorj Lukas, Denni Boyl, Maykl Duglas, Rami Malek, Nil Patrik Xarris va Martin Skorseze kiberhujum qurboniga aylangan.
San’atkorlarning shaxsiy ma’lumotlari 2002-yilda Robert De Niro tomonidan tashkil etilgan Nyu-Yorkdagi har yillik “Tribeca” kinofestivaliga oid 666 369 ta yozuv orasidan topilgan.
Faulerning aytishicha, "eng qizig‘i, elektron xatlar asosida ularning qurilmalari haqidagi ma’lumotlar saqlangan jildning mavjudligi. Unda yulduzlar iPhone’ning qaysi versiyasidan foydalanishi, Safari brauzerini ishlatish-ishlatmasligi ko‘rsatilgan. Bu kiberjinoyatchilarga ko‘plab qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin edi".
Uning alohida ta’kidlashicha, aloqa ma’lumotlarining "asosiy qismi" mashhurlarning o‘zlariga emas, balki ularning menejerlari va agentlariga tegishli bo‘lgan.
Festival vakillari hozirda tergov olib bormoqda. Mashhurlarning o‘zlari esa bu ma’lumot yuzasidan hozircha hech qanday izoh bermadi.

