Mahalliy

Iyul oyida Rossiyadan qariyb 600 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

Iyul oyida Rossiyadan qariyb 600 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi.

Migratsiya agentligining Moskvadagi vakolatxonasi joriy yilning iyul oyida Rossiyada mehnat qilayotgan 860 nafar fuqaroga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatdi. Bu haqda Migratsiya agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan oyda 64 nafar o‘zbekistonlikning 4 million rubl miqdoridagi ushlab qolingan ish haqi undirib berilgan. Shuningdek, 53 kishiga vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 31 nafar fuqaroning ish beruvchi tomonidan olib qo‘yilgan hujjatlari qaytarib berilgan.

Bundan tashqari, 774 nafar fuqaro ijtimoiy qo‘llab-quvvatlangan. Ulardan 597 nafari (110 nafar ayol va 228 nafar voyaga yetmagan farzandi) O‘zbekistonga qaytarilgan, 91 nafariga bir martalik moddiy yordam ajratilgan. Boshpanasini yo‘qotgan 83 nafar fuqaro bir oylik bepul yotoqxonaga joylashtirilgan, o‘tkir kasallikka chalingan 3 kishining davolanish xarajatlari qisman qoplab berilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, ishsiz qolgan 220 nafar o‘zbekistonlik 7 ta korxonaga ishga joylashtirilgan.

Vakolatxona Rossiyada ish haqi to‘lanmasligi, hujjatlar bilan bog‘liq muammolar yoki ish beruvchi bilan nizolarga duch kelgan fuqarolarni rasmiy raqamlarga yoki vakolatxona binosiga murojaat qilishga chaqirgan.

Avvalroq, 2026-yilning birinchi yarmida Rossiyaga ishlash maqsadida borgan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga kamaygani xabar qilingandi. Bunga Ukrainaga qarshi urush ham ta’sir qilmoqda. Urush boshlanganidan buyon migrantlarni Rossiya armiyasi safiga urushga yollash holatlari bir necha bor kuzatilgan.

russiaukraine waremploymentrepatriationmigration agencylabor rightssocial supportuzbek migrants