Italiya Rossiya «soya floti» kemasini to‘xtatdi
Italiya mudofaa vazirligining bildirishicha, kema kapitani harbiylar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortganidan so‘ng unga vertolyotdan harbiylar guruhi tashlangan.

Italiya mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Italiyaning Thaon di Revel kemasi O‘rtayer dengizida Yevropa Ittifoqi Rossiyaning "soya floti"ga tegishli deb hisoblagan Toa Payoh tankerini to‘xtatgan.
Ushbu operatsiya Italiyaning Pantelleriya orolidan g‘arbda amalga oshirilgan. Reuters agentligining xabar berishicha, tanker Benin davlatidan Istanbulga qarab suzayotgan bo‘lgan va u Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida edi. Italiya mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kema kapitani harbiylar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortganidan so‘ng, vertolyotdan harbiylar guruhi kemaga tushirilgan.
Tanker qariyb ikki soat davomida tekshirilgan. Tekshiruvda Gretsiya kemasi va Polsha dengiz patrul samolyoti ham ishtirok etgan. Hozirda Italiya hukumati tekshiruv davomida qo‘lga kiritilgan hujjatlarni o‘rganmoqda.
Iyun oyining boshlarida Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘z kemalariga O‘rtayer dengizida Yevropa Ittifoqi Rossiyaning "soya floti"ga aloqador deb hisoblagan xorijiy tankerlarni tekshirishga ruxsat berganini e’lon qilgan edi. Iyul oyining oxirlarida Kallas "Rossiyaning soya flotiga qarshi kurash kuchayganini" ma’lum qildi.

