Dunyo

Ispaniya Italiya bilan chegara nazoratini vaqtincha tiklaydi

Ispaniya 8-avgustdan boshlab Italiyadan keluvchi yo‘lovchilar uchun portlar va aeroportlarda vaqtinchalik chegara nazoratini joriy etadi. Bu qaror Italiya bilan noqonuniy migratsiya masalasida yuzaga kelgan kelishmovchilik ortidan qabul qilindi va dastlab 7 sentyabrga qadar amal qiladi.

Ispaniya Italiya bilan chegara nazoratini vaqtincha tiklaydi. Ispaniya Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, 8-avgustdan boshlab Italiyadan keluvchi yo‘lovchilar portlar va aeroportlarda pasport, fuqarolik va viza bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Bu vaqtinchalik nazorat choralari kamida 7-sentyabrgacha davom etadi.

Rasmiy Madridning ta’kidlashicha, bu qaror Italiyaning noqonuniy migrantlar bosimiga duch kelayotgani va xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni hisobga olgan holda qabul qilingan.

Bu choralar Italiya o‘tgan hafta Seuta shahrida yuz bergan ommaviy migrantlar oqimidan so‘ng Ispaniyadan keluvchi uchinchi mamlakat fuqarolariga nisbatan Shengen kelishuvi qoidalarini vaqtincha cheklaganidan keyin joriy etildi.

Avvalroq Ispaniya rasmiylari Rimni 9-avgustga qadar ushbu cheklovlarni bekor qilishga chaqirib, aks holda Italiyadan keluvchilar uchun ham shunga o‘xshash nazorat choralari joriy etilishidan ogohlantirgan edi.

Italiya hukumati esa Madridning "ultimatumlari"ni qabul qilmasligini bildirib, Ispaniya orqali keluvchi uchinchi mamlakat fuqarolariga nisbatan joriy etilgan cheklovlar kamida 15-avgustgacha saqlanishini ma’lum qildi.

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ma’muriyatining ta’kidlashicha, Ispaniya rasmiylari 15-avgust kuni Seutaga migrantlarning yangi ommaviy oqimi bo‘lishi mumkinligi haqida oldindan ogohlantirgan. Shu sababli Rim yangi xavf yo‘qligiga ishonch hosil qilmaguncha cheklovlarni bekor qilmasligini bildirgan.

Ispaniya Fuqarolik gvardiyasi ham ijtimoiy tarmoqlarda 15-avgust kuni Seuta chegarasini yana ommaviy ravishda kesib o‘tishga chaqiruvlar tarqalayotganini tasdiqladi. Biroq bu harakatda qancha odam ishtirok etishi hozircha noma’lum.

Reuters agentligining qayd etishicha, hozirgi mojaro Yevropa Ittifoqi mavjud bo‘lgan davrda Ispaniya va Italiya o‘rtasidagi eng sovuq diplomatik munosabatlardan biriga aylangan. So‘nggi oylarda ikki mamlakat rahbarlari AQSh prezidenti Donald Tramp bilan ham tashqi siyosat masalalarida bir necha bor bahslashgan.

O‘tgan hafta Marokashdan o‘n minglab migrantlar Ispaniyaning Shimoliy Afrikadagi Seuta anklaviga dengiz va quruqlik orqali noqonuniy ravishda kirib kelgan edi. Shahar aholisi taxminan 85 ming nafarni tashkil etadi. Migrantlar dengiz orqali avtomobil shinalari, havo to‘ldiriladigan halqalar va boshqa qo‘lbola vositalar yordamida o‘tishga uringan.

Ispaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kelganlarning asosiy qismini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etgan. Chegarani buzib o‘tishga urinishlar vaqtida qariyb 100 kishi halok bo‘lgan.

Shundan so‘ng Madrid 2021-yildan beri birinchi marta Seutaga qo‘shimcha harbiy kuchlarni yubordi. Shuningdek, dengiz orqali noqonuniy o‘tishlarni cheklash maqsadida 500 metr uzunlikdagi suzuvchi to‘siq ham o‘rnatila boshlandi. Chegara bo‘ylab zanjirli qalquvchi buylar joylashtirilib, ular orasidagi maxsus yo‘lak orqali chegara xizmati katerlari hududni sutka davomida nazorat qilishi rejalashtirilgan.

securitydiplomatic relationsmigrationitalyspainborder controlschengen agreementceuta