iSON Xperiences Oʻzbekistonda BPO markazini ochishni rejalashtirmoqda
Global Business Services Forum 2026 (GBSF 2026) doirasida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov iSON Xperiences kompaniyasining bosh operatsion direktori Rami Sveys bilan uchrashuv o‘tkazdi.

iSON Xperiences Oʻzbekistonda BPO markazini ochishni rejalashtirmoqda
Toshkent, Oʻzbekiston (UzDaily.uz) —
Global Business Services Forum 2026 (GBSF 2026) tadbiri doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov iSON Xperiences kompaniyasining bosh operatsion direktori Rami Sveys bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar iSON Xperiences’ning Oʻzbekistondagi birinchi loyihasini ishga tushirish rejalari hamda autsorsing va Global Business Services (GBS) sohasida uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
2011-yilda tashkil etilgan iSON Xperiences Mijozlar tajribasi (Customer Experience, CX) va Biznes jarayonlari autsorsingi (Business Process Outsourcing, BPO) boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biridir. Hozirda kompaniya 19 mamlakatda 18 000 dan ortiq xodimga ega boʻlib, 40 dan ziyod operatsion maydonchalarni boshqaradi va har oyda 50 milliondan ortiq mijozlar murojaatiga xizmat koʻrsatib, butun dunyodagi xalqaro brendlarga xizmat koʻrsatadi.
Muzokaralarning asosiy mavzusi iSON Xperiences’ning Oʻzbekistonda birinchi loyihasini ishga tushirish rejalari boʻldi. Kompaniya Oʻzbekistonni xalqaro mijozlarga xizmat koʻrsatish va eksportga yoʻnaltirilgan BPO xizmatlarini rivojlantirish uchun yangi ofshor maydon sifatida koʻrmoqda.
Tomonlar rusiyzabon mutaxassislar uchun 100 ta ish oʻrniga ega mijozlarni qoʻllab-quvvatlash markazini tashkil etishni nazarda tutuvchi birinchi loyihaning yoʻlga qoʻyilishini muhokama qildilar. Kelajakda kompaniya ingliz, nemis, turk va boshqa tillarda mijozlarga xizmat koʻrsatish uchun jamoalarni kengaytirishni hamda Oʻzbekistondagi faoliyati koʻlamini bosqichma-bosqich oshirishni rejalashtirmoqda.
Oʻz navbatida, IT Park Uzbekistan xalqaro BPO-kompaniyalar uchun mavjud boʻlgan qoʻllab-quvvatlash choralarini, jumladan, soliq imtiyozlari, mutaxassislarni tanlash va tayyorlashda koʻmaklashish, shuningdek, loyihani amalga oshirishning barcha bosqichlarida hamrohlik qilish kabi imkoniyatlarni taqdim etdi. Shuningdek, tomonlar loyihani ishga tushirish boʻyicha keyingi qadamlar va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
iSON Xperiences loyihasining amalga oshirilishi xalqaro BPO-kompaniyalarning Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishi ortib borayotganining yana bir yorqin misoli boʻladi. IT Park Uzbekistan uchun bu yangi investitsiyalarni jalb etish, malakali ish oʻrinlarini yaratish va mamlakatning eksport salohiyatini yanada rivojlantirish demakdir.

