Iroqda korrupsiyaga qarshi kurashda 375 kg oltin musodara qilindi

Iroqda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida 375 kilogramm oltin musodara qilindi. Iroq Oliy sud kengashi bu oltinlarning davlat hisobiga qaytarilganini ma’lum qildi. Ushbu oltinlar iyun oyida korrupsiyada gumonlanib hibsga olingan neft vazirining sobiq o‘rinbosari Adnan al-Jumayliyning ishiga aloqador.

Korrupsiyaga qarshi jinoyat sudi sudyasi Ziya Jafarning so‘zlariga ko‘ra, oltinning 358 kilogrammi Kurdiston mintaqaviy rasmiylari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan maxsus operatsiyada topilgan. Operatsiyaga Oliy sud kengashi raisi Foiq Zidan rahbarlik qilgan. O‘sha kuni yana 17 kilogramm oltin boshqa bir surishtiruv doirasida olib qo‘yilgan, ammo operatsiya tafsilotlari oshkor etilmagan.

Musodara qilingan oltinlar Iroq Markaziy bankining Pul muomalasi va g‘aznachilik departamentiga topshirildi. Hozirda rasmiylar noqonuniy yo‘l bilan topilgan boshqa mulklarni qidirishmoqda. Bu voqea may oyida bosh vazir Ali Faleh al-Zaydiy tayinlanganidan beri korrupsiyaga qarshi kurashning muhim natijasi sifatida ko‘rilmoqda. O‘shandan buyon politsiya bir qancha yuqori lavozimli amaldorlarni hibsga oldi va 100 million dollardan ortiq yo‘qolgan pullar va boshqa qimmatbaho buyumlar fosh etildi.

Barcha qimmatbaho boyliklar may oyida qo‘lga olingan va 2-iyun kuni rasman ishdan bo‘shatilgan al-Jumayliyga qarshi tergov bilan bog‘liq. Tergov uning 2025-yilning oktyabr oyidan buyon amalga oshirgan ishlarini tekshirmoqda. Al-Jumayliy davlat resurslari va hukumat shartnomalaridan shaxsiy boylik orttirish hamda pora olishda ayblanmoqda.

Sobiq amaldorning ishi bo‘yicha o‘tgan haftada ham yirik muvaffaqiyatga erishilgan edi. O‘shanda rasmiylar yomg‘ir suvi oqadigan chuqur ichiga yashirib qo‘yilgan 14 milliard Iroq dinorini (10,6 million dollar) topgan. Iroq hukumati matbuot kotibi Haydar al-Abudiy Al Jazeera kanaliga bergan intervyusida al-Jumayliyning o‘ziga tegishli umumiy mablag‘ 127 milliard dinor (96 million dollar) va qo‘shimcha 24 million dollardan oshib ketganini aytdi. Shuningdek, uning ko‘chmas mulklari, avtomobillari va tilla taqinchoqlari ham bor.

Ushbu tergov harakatlari hukumatning yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan davlat mablag‘larini qaytarishga qaratilgan “Tong” deb nomlangan keng ko‘lamli dasturi doirasida olib borilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kampaniya davomida qo‘lga olinganlar orasida parlament a’zolari ham bor. Ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun siyosiy daxlsizlik huquqi bekor qilingan.

Al-Abudiyning ta’kidlashicha, korrupsiyaga qarshi kurash qat’iy sud tartib-taomillari asosida olib borilmoqda. Hukumat gumonlanuvchilarning unvoni yoki lavozimiga qarab o‘tirmaydi. “Biz korrupsiyada gumonlanuvchilar bilan ishlayapmiz. Shu sababli ‘siyosiy daraja’ degan iborani qo‘llash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Iroq xalqi davlat mulkini talon-toroj qilgan va uning daxlsizligini buzganlarning jazolanishini kutmoqda. Zero, bu pullar barcha Iroq xalqining pulidir,” dedi matbuot kotibi.

Iroq axborot agentligi xabariga ko‘ra, bosh vazir al-Zaydiy davlat mablag‘larini suiiste’mol qilgan har qanday odamni ta’qib qilishga va’da bergan. Iroq Korrupsiyaga qarshi kurash komissiyasi hozirda xorijda yashayotgan yuzlab gumonlanuvchilarni mamlakatga qaytarish va kontrabanda qilingan boyliklarni

hukumatiroqoltin musodaraadnan al-jumaylitong operatsiyasitergovdavlat mablag'larikorrupsiya