Mahalliy

Ikki tumanda obodonlashtirish boshqarmasi mas’ullari ming tonnadan ortiq asfaltni talon-toroj qildi

Sharof Rashidov tumani obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari 348,7 mln so‘mni, Parkent tumani obodonlashtirish boshqarmasi mas’ullari esa 324 mln so‘mni talon-toroj qilganliklari aniqlandi.

Ikki tumanning obodonlashtirish boshqarmalari mas’ullari ming tonnadan ziyod asfaltni o‘zlashtirib yuborgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sharof Rashidov tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tuman obodonlashtirish boshqarmasining mas’ul shaxslari 6 ta ichki yo‘lda asfaltlash ishlarini amalga oshirmagan holda, xarid qilingan 348,7 million so‘mlik 634 tonna asfaltni naqd pulga sotib, shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganliklari aniqlandi.

Shuningdek, Departamentning Parkent tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tuman obodonlashtirish boshqarmasining mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, “G.W.” MChJ tomonidan 540 tonna asfalt yetkazib berilmagan bo‘lsa-da, uni qabul qilib olinganligi haqida soxta hisob-fakturalar rasmiylashtirganliklari ma’lum bo‘ldi. Natijada ular 324 million so‘m byudjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

uzbekistanasphaltinvestigationmisappropriationembezzlementcorruptionfraudpublic funds