Layfstayl

Idish-tovoq yuvish, boks va yoga: Turk aktyorlari stress bilan qanday kurashadi?

Idish-tovoq yuvish, boks va yoga: Turk aktyorlari stressni qanday yengadi?

Stress zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylangan bo‘lib, turk seriallari yulduzlari ham undan chetda qolmaydi. Ba’zilar psixologga murojaat qilsa, boshqalar ruhiy muvozanatni tiklashga yordam beradigan mashg‘ulotlar topadi. Bugun biz turk aktyorlarining stressni yengish usullari haqida so‘z yuritamiz.

Turk seriallari muxlislari mashhurlarning o‘z salomatligi va tashqi ko‘rinishiga katta e’tibor berishini yaxshi biladi. Shu sababli ular sport zallariga muntazam qatnaydi. Ma’lum bo‘lishicha, ba’zi aktyorlar uchun sport stressga qarshi kurashishning eng samarali usuli hisoblanadi. Masalan, Deniz Jan Aktash, Ibrohim Chelikkol va Oqin O‘qino‘zi boks bilan shug‘ullanadi. Boks mashg‘ulotlari ularga barcha salbiy energiyani chiqarib yuborishga, ruh va tanani tartibga solishga yordam beradi.

Kerem Bursin va Alp Navro‘z gantel va boshqa og‘irliklarni ko‘tarishni afzal ko‘rsa, Barish Arduch jiu-jitsu bilan shug‘ullanadi. U bu sport turi bilan professional darajada shug‘ullanib, hatto oltin medalni ham qo‘lga kiritgan. Turk aktyorlari sport zalini o‘zlarining ikkinchi uyi deb bilishlarini tan olishadi, chunki bu yerda ular mukammal jismoniy formaga erishib, ayni paytda stressdan ham xalos bo‘lishadi.

Yoga tan va ruhni sog‘lomlashtirishning eng yaxshi usullaridan biri hisoblanadi. Ko‘plab turk aktrisalari yoga mashg‘ulotlari stressdan xalos bo‘lishga va muammolardan chalg‘ishga yordam berishini ta’kidlaydi. Zeynep Tokush, Mine Tugay, Nur Fettahog‘lu, O‘zge O‘zpirinchji yoga bilan muntazam shug‘ullanadi.

Raqamli detoks — nafaqat stressdan qutulish, balki uni hayotda umuman kamaytirishning yana bir usulidir. Masalan, Gupse Ozay omma oldiga chiqqanidan so‘ng nafaqat ijtimoiy tarmoqlarga kirmaydi, balki bir muddat telefon qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermaydi. Aktrisa va ssenariynavisning aytishicha, baxt uchun unga faqat oilasi bilan muloqot qilishning o‘zi kifoya. Jansu Dere esa ijtimoiy tarmoqlardan juda kam foydalanadi. Turk seriallari yulduzi kuchli hissiy zo‘riqish paytlarida o‘rmonga yoki suv havzasi bo‘yiga sayrga otlanadi. Aytgancha, Burak O‘zchivit ham stressni toza havoda piyoda sayr qilib yengishni afzal ko‘radi.

Turk seriallari yulduzlari orasida ekstremal sport turlari ishqibozlari ham topiladi. Bunday aktyor va aktrisalar adrenalinni xush ko‘rishadi, yangi hissiyotlarga intilishadi va aynan shu yo‘l bilan stress va muammolarni yengishlarini yashirishmaydi. Masalan, Go‘nja Jilasun dayving va kamondan o‘q otish bilan shug‘ullanadi. Jamila Baysal xuddi Turgut Tunchalp singari poygalarni sevadi. O‘g‘un Kaptanog‘lu ham poygalarni, ayniqsa, motopoygalarni yaxshi ko‘radi, shuningdek, fridayving va alpinizmga ham qiziqadi.

Ayrim turk aktyorlari stressni kitoblar va eski filmlar yordamida, yolg‘izlikda yengishni afzal bilishadi. Ilhan Shen, Demet O‘zdemir, Tuba Buyukustun, Fahriye Evjen, Nur Fettaho‘g‘lu, Pinar Deniz, Esra Bilgich — bu mashhurlarning barchasini kitobga bo‘lgan mehr va aynan mutolaa nafaqat stressdan xalos bo‘lishga, balki ko‘plab savollariga javob topishga ham yordam berishi birlashtirib turadi.

Hande Erchel uchun rassomlik nafaqat ilhom manbai, balki yolg‘iz qolish va stressdan xalos bo‘lish imkoniyatidir. Kaan Urganjio‘g‘li esa idish-tovoq yuvishni ma’qul ko‘radi. Turk aktyori stressli yoki g‘ashga teguvchi vaziyatlarda ilk imkoniyatdayoq oshxonaga yo‘l olishini va u yerda tartib o‘rnatishini tan olgan.

Ekrandan tashqarida turk aktyorlari ham o‘z muammolari va tashvishlariga ega bo‘lgan oddiy insonlardir. Ularning har biri stress yoki yomon kayfiyat bilan o‘ziga mos usulda kurashadi. Ayrim usullarni esa e’tiborga olib qo‘yishga arziydi. Masalan, sport yoki rassomlik hali hech kimga ziyon keltirgan emas.

sportturk aktyorlaristressga qarshi kurashyogaraqamli detoksekstremal sportkitob o'qishrassomlik