Hovuzda cho‘milish paytida yuqtirib olish mumkin bo‘lgan 5 xil kasallik

Yozning jazirama kunlarida cho‘milish havzalari va basseynlarga tashrif buyuruvchilar soni ortadi. Biroq, havo harorati va hovuzdagi odamlar soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, turli kasalliklarni yuqtirish xavfi shunchalik oshadi. Issiq havo va suv orqali inson terisidagi turli bakteriya va infeksiyalar boshqalarga o‘tishi mumkin.
Basseynlardagi avtomatik xlorlash tizimi va dezinfeksiyalash vositalari bakteriyalar bilan samarali kurashsa-da, ba’zi viruslar xlorga chidamli bo‘lib, ularga qarshi kurashish qiyin. Quyida hovuzda cho‘milish paytida yuqtirish mumkin bo‘lgan 5 xil kasallikni ko‘rib chiqamiz.
**Diareya**
Xalq orasida "ich og‘rig‘i" yoki "ich ketishi" deb ataladigan diareya, ichak yo‘llarining funksional buzilishi bo‘lib, tez-tez va suyuq ich kelishi bilan kechadi. Bu kasallik kattalar va bolalarda ham uchraydi. Agar diareya bilan og‘rigan kishi hovuzda o‘zini nazorat qila olmasa, millionlab mikroblar bir zumda suvga tushib, atrofdagilarga tarqalishi mumkin.
Afsuski, gigiyena qoidalariga rioya qilmaydigan shaxslar ham uchrab turadi. Diareya xuruji tugagandan so‘ng, yuvinish o‘rniga faqat hojatxona qog‘ozidan foydalanadiganlarda zararli bakteriyalar saqlanib qoladi. Bunday holatda, hatto oz miqdorda bo‘lsa ham, mikroblar suvga tushadi.
**Quloq kanali infeksiyasi (Tashqi otit)**
Tashqi otit – quloq tashqi kanalining yallig‘lanishi bo‘lib, bevosita eshitish kanalida rivojlanadi. Bu kasallik quloqlarni noto‘g‘ri tozalash yoki toza bo‘lmagan havzalarda cho‘milish natijasida paydo bo‘ladi.
Aslida, quloq ichidagi tabiiy ajralma – quloq shirasi himoya vazifasini bajaradi. Ammo basseyn suvidagi xlor uni bu xususiyatdan mahrum qiladi. Natijada, quloq tashqi kanali oltin stafilokokk yoki ko‘k yiring tayoqchasi kabi barcha turdagi zararli mikroorganizmlarga ochiq bo‘lib qoladi.
**Teri va shilliq pardalarning qizarib, qichishishi**
Basseyn suvidagi xlorning o‘zi hidga ega emas. Hovuzda cho‘milayotganda paydo bo‘ladigan xlor hidi suvda teri, kir va siydik bilan reaksiyaga kirishib, gazga aylanganidan hosil bo‘ladi. Bu gazlar xloraminlar deb ataladi va terida qizarish, achishish, qichishish, turli toshmalar, burun shilliq qavatining shishishi, yo‘tal, kon’yunktivit va rinitga olib kelishi mumkin.
Shuning uchun suvga tushishdan avval va keyin dush qabul qilish muhimdir.
**Follikulit – issiq hammom toshmasi**
Bu kasallik yetarli darajada xlorlanmagan issiq vannalar va jakuzilardan foydalanganda rivojlanadi, chunki xlor issiq suvda tezroq parchalanadi. Bu esa terini bezovta qiluvchi Pseudomonas aeruginosa bakteriyalarining yashab qolishiga imkon beradi.
Follikulit belgilari odatda cho‘milgandan keyin bir necha soat ichida paydo bo‘ladi, ammo ba’zi hollarda toshmalar bir necha kundan so‘ng ham chiqishi mumkin.
**Legionellyoz**
Legionerlar kasalligi basseyndan yuqishi mumkin bo‘lgan eng jiddiy va pnevmoniyaning og‘ir shaklidir. Uni Legionella pneumophila bakteriyasi qo‘zg‘atadi va nafas yo‘llariga infeksiyalangan suv kirganda paydo bo‘ladi. Mikroorganizmlar o‘pkaga kirishi bilan infeksiya tanada juda tez tarqala boshlaydi.
Xlor va brom bilan zararsizlantirilgan suvda Legionella bakteriyasi tezda nobud bo‘ladi, ammo hovuz egasi xavfsizlik qoidalariga amal qilmasa, ko‘plab insonlarga zarar yetishi mumkin.
Legioner kasalligining belgilari: nafas qisilishi, yo‘tal, titroq, ko‘krak qafasidagi og‘riqlar va haroratning 40°C yoki undan yuqori bo‘lishi. Kasallikning bunday belgilari paydo bo‘lsa, darhol tez yordam chaqirish zarur. Ko‘pchilik bemorlar faqat kasalxonada davolanadi.
**Hovuzda yuqadigan kasalliklardan himoyalanish usullari:**
* Suv yutmaslik;
* Yaqinda kasallikdan tuzalgan bo‘lsangiz, basseynga bormaslik;
* Issiq hovuzda cho‘milmaslik;
* Quloqlarga suv kirmasligi uchun quloq tiqinlaridan foydalanish va qalpoq kiyish;
* Tananing biror joyi kesilgan yoki tirnalgan bo‘lsa ham basseynlarga bormaslik;
* Hovuz suvi qanchalik tez-tez almashtirilishini surishtirish;
* Dushda yoki basseyn yaqinida yalangoyoq yurmaslik;
* Cho‘milishdan avval va keyin sovun bilan dush qabul qilish.

