Dunyo

Hindistonda kelin qaynonasini yo‘lbars hamlasidan o‘roq yordamida qutqarib oldi

Hindistonning Uttarakhand shtatida joylashgan Ramnagar o‘rmon xo‘jaligi hududidagi Kunhet qishlog‘ida 26-iyul kuni 50 yoshli Mohani Devi o‘zining 67 yoshli qaynonasi Basanti Devini yo‘lbars hujumidan qutqarib qoldi. Bu haqda The Times of India nashri xabar berdi.

Voqea kelin va qaynonaning o‘rmonda xashak yig‘ayotgan paytida sodir bo‘lgan. Qalin butalar orasidan birdan paydo bo‘lgan yo‘lbars keksa ayolga tashlangan. Mohani darhol hayvon tomon yugurib borib, qo‘lidagi o‘roq bilan unga zarba bergan. Natijada yo‘lbars Basantini qo‘yib yuborib, o‘rmonga chekingan.

Jarohatlangan Basanti dastlab tez yordam bilan Ramnagar kasalxonasiga olib borilgan. Keyinchalik oilasi uni Kashipurdagi xususiy shifoxonaga ko‘chirgan va u yerda ayol reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlar uning ahvolini barqaror deb baholamoqda.

Basantining o‘g‘li Puran Chandraning so‘zlariga ko‘ra, bu ularning qishlog‘ida sodir bo‘lgan birinchi yo‘lbars hujumidir. Oila ayolni davolatish uchun zudlik bilan yordamga muhtojligini bildirdi. "Biz onamni davolash uchun kompensatsiya ajratishni va yo‘lbarsni tutish uchun zudlik bilan qopqon-qafas o‘rnatishni talab qilamiz. Chunki u ertasi kuni yana ko‘ringan", dedi u.

Puran Chandraning ta’kidlashicha, o‘rmon xo‘jaligi xodimlari onasini kasalxonaga olib borishga yordam bergan, ammo keyinchalik oiladan xabar olmagan. Qishloq oqsoqoli Rup Kishorning aytishicha, yo‘lbars hodisa kuni kechqurun va 27-iyul kuni ertalab yana ko‘ringani sababli aholi sarosimaga tushib qolgan. "Odamlar juda qo‘rqib qolgan. Biz jabrlanuvchining davolanishi uchun kompensatsiya va o‘rmon bo‘limi tomonidan zudlik bilan choralar ko‘rilishini talab qilamiz", dedi u.

Avvalroq Hindistonda shunga o‘xshash hodisa sher ishtirokida yuz bergandi. O‘shanda yirtqich 45 yoshli cho‘ponni yarim soat davomida o‘z panjasida ushlab turgan, keyin esa kutilmaganda uni yeyish fikridan qaytib, qo‘yib yuborgan va ketib qolgan.

qaynonani qutqarishyovvoyi tabiato‘roqxavfsizlikkompensatsiyahindistonshifoxonayo‘lbars hujumi