Mahalliy

Haydovchilarga jarima ballarini o‘chirib berishni taklif etayotgan firibgarlar paydo bo‘ldi

Haydovchilarga jarima ballarini o‘chirib berishni taklif qilayotgan firibgarlar paydo bo‘ldi.

Ma'lum miqdordagi to‘lov evaziga haydovchilarning jarima ballarini bazadan o‘chirib tashlashni taklif etayotgan shaxslar paydo bo‘ldi. YHXB axborot xizmati rahbari Zoir Yo‘ldoshev bu holatni firibgarlik deb atadi.

"Bularning hammasi firibgarlar. Chunki jarima ballarini o‘chirishning texnik imkoniyatlari mavjud emas. Bu onlayn tartibda hisoblanadigan, to‘liq himoyalangan tizim. Shuning uchun fuqarolarimiz bunday firibgarlarga ishonib qolmasliklari kerak. Agar shunday holatga duch kelsalar, zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz", dedi u "Bu kun" informatsion dasturiga bergan intervyusida.

Ma'lum bo‘lishicha, bunday xizmat ko‘rsatiladigan Telegram kanal topilganda, xizmatdan allaqachon foydalanganlar borligi haqida taassurot uyg‘otish uchun soxta yozishmalar ham shakllantirilgani aniqlangan. Kanalga joylangan videolarning birida bu xizmat orqali jarima ballarini yo‘q qilishga erishgan fuqaroning minnatdorligi ham keltirilgan.

"Akalar, hammaga salom. Menda 8,5 ball bo‘lib turgandi. 'Prava' yo‘qotaman deb qo‘rqib turgandim. Instagram'da reklamani ko‘rdim va yozdim, to‘lov qildim ishonib. Bir soatga qolmasdan hamma jarima ballarim o‘chib ketdi, nol bo‘ldi. Hamma ilovalarda ham nol bo‘lib turibdi. Hatto MyGov'da ham nol bo‘ldi. Hatto 'GAI' xodimlarining planshetida ham nol bo‘lib turgandi. Jarima ballaringizni nol qilib beradi. Rahmat", degan u videoda.

Zoir Yo‘ldoshevning bildirishicha, bu kabi kibernayranglarni, kiberhujumlarni, kiberjinoyatlarni oldini olish maqsadida ayni paytda tegishli soha xodimlari tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazilyapti.

"Muhimi, mana shunday bir jarayonda fuqarolarimiz bu kabi firibgarliklarga ishonib qolmasliklari lozim. Ijtimoiy tarmoq doimiy ravishda ichki ishlar idoralari tomonidan monitoring qilib boriladi. Bunda chiqayotgan har qanday postlar, tarqalayotgan zararli havolalarni yo‘q qilish, ularga nisbatan keskin choralar ko‘rish ishlari doimiy ravishda olib boriladi", dedi u.

YHXB vakili jarima ballari 12 dan oshgan haydovchilar soni 700 nafardan oshganini ham ma'lum qildi. Ularning barchasini haydovchilik huquqidan mahrum etish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. 11-iyulda jarima ballari 12 dan oshgan haydovchilar soni 671 nafarga yetgandi.

driversscamsdriving licenseslaw enforcementsocial mediacybercrimetraffic penalty pointsfraudsters