Havo harakatiga xizmat ko‘rsatish qoidalari yangilandi
O‘zbekistonda havo harakatiga xizmat ko‘rsatish sohasini xalqaro talablar asosida tartibga soluvchi yangi aviatsiya qoidalari tasdiqlandi. Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining buyrug‘i rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazildi va rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Havo harakatiga xizmat ko‘rsatish tartibini belgilovchi yangi qoidalar tasdiqlandi. Ushbu hujjat O‘zbekiston havo hududida havo harakatini boshqarish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, dispetcherlik xizmatlari, parvozlar haqida ma’lumot berish, favqulodda vaziyatlar haqida xabar berish va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish kabi muhim yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Qoidalarda havo harakatiga xizmat ko‘rsatish tizimida qo‘llaniladigan asosiy atamalar, havo hududini tashkil etish tamoyillari, dispetcherlik xizmatlarining vazifalari, parvozlarni boshqarish jarayonlari, aerodromlarning faoliyati va xavfsizlik talablari batafsil bayon etilgan.
Shuningdek, ushbu qoidalarda havo harakatiga xizmat ko‘rsatishda xalqaro aviatsiya standartlari va ilg‘or yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur buyruq bilan sohani tartibga soluvchi ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

