Hatto fantastika ishqibozlari bo‘lmaganlar ham ko‘rishi kerak bo‘lgan 10 ta film

Hatto fantastika janriga qiziqmaydiganlar ham ko‘rishi shart bo‘lgan 10 ta film
Collider nashri ilmiy fantastika ixlosmandlari bo‘lmagan tomoshabinlar uchun 10 ta filmni tanlab oldi. Nashr mualliflarining fikricha, bu filmlar futuristik texnologiyalar yoki murakkab ilmiy g‘oyalardan ko‘ra, kuchli syujet, hissiyot, hazilga e’tibor qaratadi.
Ro‘yxatning birinchi pog‘onasini 2018-yilda suratga olingan “Sokin maskan” egalladi. Tanqidchilarning ta’kidlashicha, Jon Krasinski rejissyorligidagi ushbu film ilmiy fantastika va dahshat janrlarini muvaffaqiyatli birlashtirgan. Ovozga ta’sirchan maxluqlar yashaydigan dunyo aslida omon qolishga urinayotgan oila hikoyasi uchun fon vazifasini o‘taydi. Minimal dialoglar, tarang rejissyorlik ishi va oilaviy drama filmni hatto fantastikani yoqtirmaydigan tomoshabinlar uchun ham jozibador qiladi.
Ikkinchi o‘rinni 2014-yilgi “Interstellar” filmi band etdi. Garchi filmda kosmik sayohatlar, “qora tuynuklar” va boshqa ilmiy-fantastik elementlar mavjud bo‘lsa-da, Collider uni, avvalo, falsafiy mazmunga ega sarguzasht filmi deb baholagan. Kuchli operatorlik ishi va hissiyotlarga boy voqealar uni keng auditoriya uchun tushunarli va qiziqarli qiladi.
Uchinchi o‘rinni esa 2008-yilda yaratilgan “VALL-I” multfilmi egalladi. Nashr Pixar studiyasi robotlar haqidagi oddiy fantastik hikoyani emas, balki mehr, yolg‘izlik va sayyoraga g‘amxo‘rlik mavzularini yoritgan ta’sirchan multfilm yaratganini ta’kidladi. Shuningdek, animatsiya sifati va bosh qahramonlarning hissiy ifodasi ham alohida e’tirof etilgan.
Ro‘yxatning dastlabki beshligidan 1982-yilgi “O‘zga sayyoralik” va sun’iy intellekt hamda ong masalalarini yorituvchi 2014-yilgi “Mashinadan” filmlari ham o‘rin olgan.
To‘liq reyting quyidagicha:
1. “Sokin maskan” (2018)
2. “Interstellar” (2014)
3. “VALL-I” (2008)
4. “O‘zga sayyoralik” (1982)
5. “Mashinadan” (2014)
6. “Kelajakka qaytib” (1985)
7. “O‘zga sayyoralik” (1979)
8. “Kelish” (2016)
9. “Galaktika qo‘riqchilari” (2014)
10. “Tinch okeani chegarasi” (2013)

