Gulfstream G700 tezlik bo‘yicha yangi jahon rekordini o‘rnatdi
Amerikaning Gulfstream Aerospace kompaniyasiga tegishli Gulfstream G700 biznes-jyeti Los-Anjyelesdan Buyuk Britaniyaning Farnboro shahrigacha bo‘lgan yo‘nalishda tezlik bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi. Samolyot 8 778 kilometr masofani atigi 8 soat 27 daqiqada bosib o‘tib, avvalgi natijani 19 daqiqaga yaxshiladi.

Gulfstream G700 yangi jahon tezlik rekordini o‘rnatdi.
Kompaniya xabariga ko‘ra, rekord parvoz vaqti samolyotning havoga ko‘tarilishidan to qo‘nishdan keyin butunlay to‘xtaguniga qadar bo‘lgan umumiy vaqtga asoslanib hisoblangan. Aviatsiyada aynan shu ko‘rsatkich samolyotning amaliy foydalanish sharoitlaridagi samaradorligini eng aniq aks ettiradi.
Rekord parvoz Los-Anjyeles xalqaro aeroportidan boshlanib, Buyuk Britaniyadagi Farnboro aeroportida yakunlangan. Yangi natija avvalgi rekorddan 19 daqiqa yoki taxminan 3,6 foizga tezroq bo‘ldi.
Qayd etish joizki, avvalgi rekord ham yaqinda, 19-iyul kuni o‘rnatilgan edi. O‘shanda Global 8000 biznes-jyeti Farnborodagi aviasalonga parvoz qilib, ushbu masofani 8 soat 46 daqiqada bosib o‘tgan.
Gulfstream Aerospace prezidenti Mark Bernsning ta’kidlashicha, haqiqiy aviatsiya rekordlari faqat havoda o‘tkazilgan vaqt bilan emas, balki samolyotning uchishidan tortib qo‘nishdan keyin to‘liq to‘xtashigacha bo‘lgan umumiy vaqt bilan baholanadi. Uning fikricha, bu ko‘rsatkich mijozlar har kunlik ekspluatatsiyada oladigan real samaradorlikni namoyon etadi.
Kompaniya ushbu natija Gulfstream G700 modelining yuqori tezligi, uzoq masofaga parvoz qilish imkoniyati va ekspluatatsion samaradorligini yana bir bor tasdiqlaganini qayd etdi.

