Texnologiya

Google Pixel 11 smartfonlarining yangi ranglari internetga sizdirildi

Google Pixel 11 smartfonlarining yangi ranglari internetda paydo bo‘ldi

Google'ning Pixel 11 smartfonlari taqdimotiga hali bir oycha vaqt qolganda, internetda yangi modellarning ehtimoliy tasvirlari tarqaldi. Amazon saytida ushbu qurilmalarga oid sahifalar — taxminan qoralama yoki vaqtinchalik sahifalar — e’lon qilindi. Tez orada ular o‘chirib tashlandi, lekin jurnalistlar suratlarni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishdi.

Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, Pixel 11 uch xil rangda taqdim etiladi:

Midnight (“Yarim tun”) — qora;

Fuchsia (“Fuksiya”) — yorqin pushti;

Moss (“Mox”) — yashil.

Foto: 9to5Google

Pixel 11 Pro esa to‘rtta rangda sotuvga chiqishi kutilmoqda:

Pine (“Qarag‘ay”);

Light Fog (“Yengil tuman”);

Sterling (“Kumush”);

Dune (“Qumtepa”).

Foto: 9to5Google

Buklanadigan Pixel 11 Pro Fold modeli esa faqat ikki xil rang — Pine va Midnight variantlarida taqdim etilishi mumkin.

Foto: 9to5Google

Foto: 9to5Google

Sahifalarda qurilmalarning texnik xususiyatlari ham keltirilgan. Unga ko‘ra, standart Pixel 11 6,3 dyuymli (1080 × 2424 piksel) displey, 12 GB tezkor xotira va 256 GB ichki xotira bilan jihozlanadi. Ushbu konfiguratsiyaning narxi 899 dollar etib belgilanishi kutilmoqda. Bu Google 128 GB xotirali variantdan voz kechishi va shu sababli boshlang‘ich narx oshishi haqidagi avvalgi mish-mishlarga mos keladi.

Shuningdek, sizib chiqqan ma’lumotlarda batareya sig‘imi ham ko‘rsatilgan:

Pixel 11 — 4 985 mA/soat;

Pixel 11 Pro XL — 5 115 mA/soat;

Pixel 11 Pro Fold — 4 750 mA/soat.

Qiziqarli jihati shundaki, mos aksessuar sifatida hali rasman taqdim etilmagan Google Pixel Tag trekeri ham tilga olingan. Bu qurilma haqida bir necha yildan beri mish-mishlar tarqalib kelayotgan bo‘lsa-da, Google uni hozircha rasman namoyish etmagan.

Shu bilan birga, sizib chiqqan ma’lumotlar mualliflari ularga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirmoqda. Chunki tavsiflarda ayrim nomuvofiqliklar mavjud. Masalan, smartfonlarda Android 16 operatsion tizimi ko‘rsatilgan, holbuki ular Android 17 bilan taqdim etilishi kutilmoqda. Shuningdek, SIM-kartani chiqarish uchun maxsus igna tilga olingan, ammo Pixel smartfonlarining aksariyat zamonaviy modellari allaqachon faqat eSIM texnologiyasidan foydalanadi.

Google Pixel 11 smartfonlari oilasini 13-avgust kuni bo‘lib o‘tadigan taqdimotda rasman namoyish etishi kutilmoqda.

androidgoogle pixelsmartphone colorsleaksspecificationspixel 11 propixel 11 pro foldgoogle pixel tag