Gollivud aktyorlarining ko‘pchilik bilmaydigan taniqli qarindoshlari

Gollivud aktyorlarining ko‘pchilik bilmaydigan taniqli qarindoshlari
Gollivudda aktyorlik sulolalari odatiy hol bo‘lsa-da, ayrim yulduzlarning mashhur qarindoshlari borligini ko‘pchilik bilmaydi. Ularning ba’zilari taniqli oilada tug‘ilgan bo‘lsa-da, muvaffaqiyatga o‘z mehnati bilan erishgan. Quyida shunday aktyorlar haqida so‘z yuritamiz.
**Gvinet Peltrou**
Gvinet Peltrouning cho‘qintirgan otasi afsonaviy rejissyor Stiven Spilberg ekanini ko‘pchilik bilmaydi. Rejissyor uning oilasi bilan uzoq yillar do‘st bo‘lgan. Aktrisaning onasi Blayt Danner Nyu-Yorkning taniqli teatr aktrisalaridan biri, otasi Bryus Peltrou esa muvaffaqiyatli prodyuser va rejissyor edi.
Spilberg Gvinetni bolaligidan qo‘llab-quvvatlagan va uning iste’dodini ilk bor payqagan insonlardan biri bo‘lgan. Keyinchalik u aktrisani “Kapitan Kryuk” filmidagi kichik rolga taklif qilgan. Shunga qaramay, Peltrou bu aloqadan o‘z obro‘sini oshirish uchun foydalanmagan. U “Emma”, “Yetti” va “Oshiq Shekspir” filmlaridagi rollari orqali shuhrat qozondi hamda “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritdi.
**Lili Kollinz**
“Emili Parijda” seriali yulduzi Lili Kollinz afsonaviy Genesis guruhi barabanchisi va vokalisti, “Grammy” sovrindori Fil Kollinzning qizi ekanini hamma ham bilmaydi.
Shunga qaramay, Lili faoliyatini otasining yordamisiz boshlagan. Dastlab jurnalist sifatida ishlagan, keyin esa kino olamiga kirib kelgan. U “Oppog‘oy: Gnomlar qasosi”, “Suyakkacha” va “Go‘zal. Yomon. Yovuz” filmlaridagi rollari bilan tanildi.
**Nikolas Keyj**
Aktyorning asl ismi Nikolas Kim Koppola. U bastakor Karmayn Koppolaning nabirasi va mashhur rejissyor Frensis Ford Koppolaning jiyani hisoblanadi.
Faoliyatining boshida Nikolas mashhur Koppola familiyasidan foydalanishni istamadi va uni Keyjga o‘zgartirdi. Yangi familiyani u komiks qahramoni Lyuk Keyj hamda bastakor Jon Keyj sharafiga tanlagan.
Keyinchalik u Gollivuddagi eng mashhur aktyorlardan biriga aylandi va “Las Vegasni tark etar ekan” filmidagi roli uchun “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
**Jeymi Li Kertis**
Bugun Jeymi Li Kertisni ko‘pchilik “Hellouin” filmlari orqali taniydi. Ammo u mashhur aktyorlar Toni Kertis va Janet Lining qizi ekanini hamma ham bilmaydi.
Otasi “Jazda faqat qizlar” filmi yulduzi bo‘lsa, onasi Alfred Hichkokning “Psixo” trilleridagi roli bilan mashhur. Jeymi esa ota-onasining nomiga tayanmay, asosan dahshat va komediya janridagi filmlardagi rollari bilan muvaffaqiyat qozondi.
**Tilda Suinton**
Tilda Suinton o‘zining noodatiy qiyofasi va betakror rollari bilan tanilgan. Ammo u Buyuk Britaniyaning eng qadimiy aristokrat urug‘laridan biri — Suintonlar sulolasi vakili ekanini ko‘pchilik bilmaydi.
Bu sulolaning tarixi taxminan X asrga borib taqaladi. XI–XII asrlarga oid hujjatlarda ular haqida ilk ma’lumotlar uchraydi. Asrlar davomida sulola vakillari ritsar, Britaniya armiyasi ofitseri, siyosatchi va diplomat sifatida faoliyat yuritgan. Ularning ayrimlari qirollik saroyida xizmat qilgan, boshqalari esa Shotlandiya hududlarini boshqarishda muhim rol o‘ynagan.

