Dunyo

G‘azoda 112 kishining ommaviy janozasi bo‘ldi (video)

G‘azoda 112 kishining ommaviy janozasi bo‘lib o‘tdi (video)

4-avgust kuni G‘azo shahrida uch yilga yaqin vaqt davomida vayronalar ostida qolgan 100 dan ortiq falastinlik dafn etildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Bu marosim urush boshlanganidan buyon anklavda o‘tkazilgan eng yirik ommaviy dafn marosimi bo‘ldi. Minglab odamlar Isroil 2023-yil 22-noyabrda zarba bergan Sabra mahallasidan topilgan 112 kishining jasad qoldiqlarini dafn etishdi. Ushbu hujumda ikki oilaning jami 308 nafar a’zosi, jumladan, 40 nafar bola, 30 nafar ayol va yetti nafar imkoniyati cheklangan shaxs halok bo‘lgan edi.

Qutqaruv guruhlari yaqinda hodisa joyidan 100 dan ortiq jasadni olib chiqishga muvaffaq bo‘lishdi, bu esa marhumlarning yaqinlariga janoza va dafn marosimini o‘tkazish imkonini berdi. Rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, yana 157 kishi vayronalar ostida qolmoqda yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Dafn marosimiga yig‘ilganlar G‘azo shahri bo‘ylab Falastin bayroqlariga o‘ralgan tobutlarni olib o‘tishdi.

Ma’lumot o‘rnida, Isroilning G‘azoga qilgan hujumlarida 73 375 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 174 220 kishi yaralandi. Sektordagi infratuzilmaning 90 foizga yaqini shikastlandi yoki butunlay vayron bo‘ldi. Yaqinda AQSH prezidenti Donald Tramp HAMAS harakati qurollarini tashlashga rozi bo‘lganini aytdi. U bu jarayon yakunlangach, Isroil qo‘shinlari G‘azodan butunlay chiqib ketishini ta’kidladi. Ularning o‘rnini “Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari” egallaydi va Falastinning yangi politsiya kuchlari bilan birga G‘azo xavfsizligi uchun masʼul bo‘ladi.

g‘azodonald trampxalqaro kuchlarommaviy dafn marosimiisroil hujumlarifalastinurush qurbonlarisabra mahallasi