“Garri Potter” muxlislari uchun: Miyazaki uslubini eslatuvchi yangi anime tomoshabinlar e’tiborini qozonmoqda

“Garri Potter” ishqibozlari diqqatiga: Miyazaki uslubidagi yangi anime katta qiziqish uyg‘otmoqda.
HBO “Garri Potter” bo‘yicha yangi serial ustida ishlayotgan bir paytda, Crunchyroll platformasida sehr-joduga boy yangi anime – “Sehrgarlar qalpoqlari atelyesi” namoyish etila boshladi. Kamome Sirahamamashhur yapon komiksi – mangasi asosida yaratilgan ushbu anime dastlabki qismlaridanoq tomoshabinlar va tanqidchilar tomonidan iliq kutib olindi.
Anime nafaqat sehrgarlik maktabi yoki yosh bosh qahramoni bilan ajralib turadi, balki o‘ziga xos iliq, nafis va jonli muhit yaratib, ertaknamo olamni tomoshabinga yaqinlashtiradi.
**Anime nima haqida?**
Bosh qahramon Koko bolaligidan jodugar bo‘lishni orzu qiladi, ammo bunday qobiliyat unga nasib etmaganiga ishonadi. Bir kuni u sehrning asl siri bilan tasodifan tanishib qoladi va sehrgar Kifreyga shogird tushadi. Shundan so‘ng voqea oddiy sehrli ertakdan bilim, mas’uliyat va xatolarning oqibatlari haqida hikoya qiluvchi chuqur syujetga aylanadi.
**Nega uni Miyazaki ijodi bilan taqqoslashmoqda?**
Dastlabki qismlarga ko‘ra, Bug Films studiyasi manga ruhini muvaffaqiyatli saqlab qolgan. Anime olami mayda detallarigacha puxta ishlangan bo‘lib, undagi sehr maxsus effekt emas, balki haqiqiy san’at sifatida namoyon bo‘ladi. Shu bois ko‘plab tomoshabinlarda go‘yo Hayao Miyazaki “Garri Potter”ni suratga olgandek taassurot uyg‘onmoqda – shov-shuvdan ko‘ra sokinlik, nozik tafsilotlar va haqiqiy mo‘jiza hissi ustun.
**Nima uchun boshqa sehrli hikoyalardan ajralib turadi?**
“Sehrgarlar qalpoqlari atelyesi” murakkab savollarni ham o‘rtaga tashlaydi: bilimni yashirish nimani anglatadi, sehrdan foydalanish huquqi kimga tegishli va odamlarni himoya qilish bahonasidagi taqiqlarni oqlash mumkinmi? Shu sababli anime bir vaqtning o‘zida ham jozibali ertak, ham tanlov, qo‘rquv va ulg‘ayish haqida chuqur falsafiy hikoya sifatida namoyon bo‘ladi. Shu tariqa, Crunchyroll platformasi yana bir yangi fantastik xitga ega bo‘lgani aytilmoqda.

