Dunyo

Erkak 9 ming metr balandlikda samolyot eshigini ochishga urindi (video)

**Erkak 9 ming metr balandlikda samolyot eshigini ochishga urindi (video)**

Malayziyadan Hindistonga parvoz qilayotgan yo‘lovchi samolyotida favqulodda vaziyat yuzaga keldi: bortdagi erkak 9 ming metr balandlikda samolyotning favqulodda chiqish eshigini ochishga harakat qildi. Bu haqda The Sun nashri xabar berdi.

Voqea 36 yoshli Jamshir Atanikal ismli shaxs tomonidan sodir etilgan. Uning favqulodda chiqish lyukini ochishga urinishi aks etgan kadrlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Videoda Batik Air aviakompaniyasi xodimlari sarosimaga tushgan yo‘lovchilar ko‘z o‘ngida erkakni to‘xtatishga urinayotgani ko‘rsatilgan. Jamshir lyukni ochishga harakat qilayotganida atrofdagilarga ham tahdid qilgan. Yakunda ekipaj a’zolari va boshqa yo‘lovchilar uni zararsizlantirib, qo‘llarini bog‘lab qo‘yishga muvaffaq bo‘lishgan.

Kochi aeroporti politsiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa soat 21:30 dan 23:00 gacha bo‘lgan parvoz oralig‘ida yuz bergan. Politsiya xabarida shunday deyiladi:

"Jamshir 12A o‘rindig‘ida o‘tirgan edi. U hech qanday sababsiz favqulodda chiqish eshigini ochishga harakat qilib, illyuminator paneliga shikast yetkazgan. Shuningdek, uni to‘xtatmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilar va ekipajga tahdid qilgan."

Politsiya tomonidan so‘roq qilinganida Jamshir o‘z xatti-harakatlarini "o‘sha lahzada shunday qilgisi kelgani" bilan izohlagan. U "parvoz paytida o‘lgisi kelganini" ham aytgan. Shu bilan birga, erkak yangi tug‘ilgan farzandini ko‘rish uchun uyiga uchayotgani aniqlangan.

Samolyot aeroportga qo‘ngach, Jamshir hibsga olingan. Uning xatti-harakatlari bortdagilarning hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf solgani sababli unga odam o‘ldirishga urinish ayblovi ilgari surilgan. Parvoz ekipaji esa Malayziyaga qaytib ketgan va ulardan ko‘rsatma berishi kutilmoqda.

Avvalroq AQSHning Jorj Bush nomidagi xalqaro aeroportida bomba portlatish bilan tahdid qilgan erkak ushlangan edi. Shuningdek, britaniyalik 97 yoshli ko‘zi ojiz ayol samolyot qanotida uchib rekord o‘rnatgandi.

xavfsizlikhindistonyo'lovchifavqulodda vaziyatbatik airmalayziyahibsga olishsamolyot