Mahalliy

Ekstremistik jinoyat uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi ushlandi

Ekstremistik jinoyat sodir etganlikda ayblanib, xalqaro miqyosda qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Polshadan ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi ma’lumot berdi.

Xabarga ko‘ra, ushbu shaxs O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi birinchi qismida (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tashkil etish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan so‘ng, ayblanuvchi O‘zbekiston hududini tark etib, uzoq vaqt davomida chet elda yashirinib yurgan. Shu sababli u Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan edi.

Interpolning Toshkent va Varshavadagi Milliy markaziy byurolari hamkorligi hamda O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi vakilining bevosita ishtirokida qidiruvdagi shaxsning joylashgan manzili aniqlandi.

U Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirilib, Varshavadan Toshkentga olib kelindi.

Eslatib o‘tamiz, 27-iyul kuni "qonundagi o‘g‘ri" sifatida tanilgan, Jora Tashkentskiy laqabli Georgiy Sorokin Misrning Sharm ash-Shayx shahrida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.

o‘zbekistonekstraditsiyainterpolqidiruvhibsga olishjinoiy ishpolshaekstremizm