Deputatlar intellektual mulk huquqlarini himoya qilishni muhokama qilishdi
Majlisda Adliya vaziri Akbar Toshqulovning “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk sohasidagi huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitilmoqda.

Deputatlar intellektual mulk huquqlarini himoya qilish masalasini muhokama qildilar.
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) – Majlisda Adliya vaziri Akbar Toshqulovning "Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk sohasidagi huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida"gi hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda intellektual mulkni huquqiy himoya qilish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish, innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, intellektual mulk sohasidagi 19 ta xalqaro shartnomaga qo‘shilish natijasida milliy qonunchilik Jahon savdo tashkilotining TRIPS bitimi talablariga uyg‘unlashtirildi. Bu esa O‘zbekistonning Global innovatsion indeksdagi o‘rnini 2020-yildagi 93-o‘rindan 2025-yilda 79-o‘ringa ko‘tarilishiga olib keldi.
Shuningdek, tovar belgisi, sanoat mulki va mualliflik huquqi obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun huquq egalari manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlari joriy etildi. Intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari takomillashtirildi, patentga oid huquqbuzarliklarda foydalanilgan ashyolarni musodara qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston Patent vakillari assotsiatsiyasi tashkil etildi va patent vakillarining sudlarda ishtirok etish huquqi mustahkamlandi.
Majlisda Adliya organlariga kontrafakt mahsulotlarni aniqlash bo‘yicha nazorat xaridlarini mustaqil tashkil etish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda yashirin ishlab chiqarish holatlarini fosh etish vakolatlari berilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, deputatlar sohada hal etilishi lozim bo‘lgan qator tizimli masalalarga e’tibor qaratdilar. Jumladan, aholida intellektual mulkka hurmat munosabatini yanada kuchaytirish, kontrafakt mahsulotlarga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, huquq egalari manfaatlarini samarali himoya qilish, mualliflik va turdosh huquqlarni buzgan yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy javobgarlik mexanizmlarini joriy etish, ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha xususiy ayblov va yarashuv institutlarini amaliyotga tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tovar belgilarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini soddalashtirish, intellektual mulk obyektlarini kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yishning huquqiy mexanizmlarini shakllantirish, intellektual mulk huquqini muntazam buzuvchi shaxslarning davlat xaridlarida ishtirokini cheklash kabi yo‘nalishlarda qonunchilikni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
Muhokamalar davomida deputatlar sohada qonunchilikni yanada takomillashtirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt asosida davlat xizmatlarini soddalashtirish, intellektual mulk sohasida idoralararo hujjatlar almashinuvini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, huquqbuzarliklarning oldini olish va huquq egalari manfaatlarini samarali himoya qilish yuzasidan qator taklif va tavsiyalarni bildirdilar.
Majlisda Qonunchilik palatasi tomonidan tegishli qaror qabul qilinib, Adliya vazirligi oldiga raqamli xizmatlarni kengaytirish, intellektual mulk obyektlarining iqtisodiy aylanmasini oshirish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish vazifalari qo‘yildi.

