Mahalliy

Denovda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan Cobalt piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan bolani urib o‘ldirdi

Yo‘l-transport hodisasida 12 yoshli maktab o‘quvchisi halok bo‘ldi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan videotasvirlarda Cobalt rusumli avtomobil yo‘lning qarama-qarshi qismida harakatlanib, piyodalar o‘tish joyidan velosipedda o‘tayotgan bolani urib yuborganini ko‘rish mumkin.

Denovda yo‘lning qarama-qarshi qismida harakatlanayotgan Cobalt avtomobili piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan bolani urib yuborishi oqibatida bola halok bo‘ldi.

Surxondaryo viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Elnur Abrayevning Kun.uz’ga xabar berishicha, ushbu fojiali hodisa 2026-yil 26-iyul kuni soat taxminan 20:30 da Denov shahrida yuz bergan.

1992-yilda tug‘ilgan haydovchi otasiga tegishli Cobalt rusumli avtomashinada Sharof Rashidov ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda, tartibga solingan piyodalar o‘tish joyidan svetoforning yashil chirog‘ida o‘tayotgan 2014-yilda tug‘ilgan bolani urib yuborgan. Haydovchi bu paytda yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish qismida bo‘lgan.

Jabrlangan bola tumandagi 74-maktabning 7-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. U olgan og‘ir tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yetkazilgan, ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

wrong-way drivingpedestrian crossingtraffic accidentcriminal casefatal accidentchild victimdenovcobalt car