Mahalliy

Chak Norris tan bergan o‘zbek va Bill Klintondan Karimovga maktub. O‘zbekiston gazetalari 30 yil oldin nimalar haqida yozgan?

Chak Norris hayratga tushgan o‘zbek sportchisi va Bill Klintonning Karimovga yo‘llagan maktubi. 30 yil avval O‘zbekiston gazetalari nimalar haqida yozgan?

30 yil muqaddam gazeta sahifalarida qanday mavzular yoritilgan? O‘zbekiston aholisi uchun qaysi masalalar dolzarb bo‘lgan? O‘sha davrda dollar kursi qanday edi? “Daryo” nashri 1996-yil avgust oyining dastlabki o‘n kunligida chop etilgan davriy nashrlardagi eng qiziqarli xabarlarni bir joyga jamladi.

1996-yilda “Xalq so‘zi” gazetasi avgust oyining boshidan Mustaqillik kuniga qadar bosh sahifada “kun sanagan”. O‘sha yilgi shior esa “Bu — mening bayramim! Bu — sening bayraming! Bu — hammamizning bayramimiz!” deb belgilangan edi.

“Xalq so‘zi” gazetasining “Avgust — hal qiluvchi oy!” sarlavhali maqolasi prezident Islom Karimovning so‘zlari bilan boshlangan: “Avgust hosil to‘plashda, ko‘saklar sonini oshirishda muhim palla. Xalqda asl dehqon bu oy davomida texnikasini daladan olib chiqmaydi, degan gap bor. Bugungi kunda tegishli vazirlik va uyushma rahbarlari hamda mutaxassislarning o‘rni dalada bo‘lishi, barcha paxtakorlarga yordam berishi zarur”. 1996-yil 2-avgustda chop etilgan gazetaning 155-sonida paxta ochilgani haqida ham ma’lumot berilgan.

30 yil avval Samsung kompaniyasining reklamasi ham “Xalq so‘zi” sahifalarida joy olgan.

O‘zbekistonlik sportchi Shuhratjon Elov “Xalq so‘zi”ga bergan intervyusida Chak Norris bilan qanday tanishganini hikoya qilgan: “Bir nechta xalqaro turnirlarning g‘olibi bo‘lganim uchunmi, karate bo‘yicha ushbu xalqaro turnirga taklif etishdi. Bordik, bellashdik. Bilmadim, Chak Norrisga mening uslubim yoqdi shekilli, men bilan qiziqib qoldi. U bilan uchrashdik, shiringina suhbat qurdik. Chak Norris menda karate bilan qachondan buyon shug‘ullanishimni, ustozim kimligini va boshqa shunga o‘xshash savollar berdi. Men unga birinchi ustozim otam ekanligini, karate bilan to‘rt yoshimdan buyon shug‘ullanishimni, hozirgi kunda O‘zbekistonda karate sporti juda tez rivojlanayotgani haqida so‘zlab berdim. Chak Norris meni bu yilgi, ya’ni 1996-yilda o‘tadigan turnirga taklif etdi”.

FIFA prezidenti Joao Avelanj 1996-yildayoq O‘zbekistonning Jahon chempionatida ishtirok etishiga ishonch bildirgan.

30 yil oldin, 6-avgustda bo‘lib o‘tgan Valyuta birjasi savdolarida sotuv hajmi 16,88 million AQSH dollarini tashkil etgan. Bir AQSH dollarining qiymati esa 38 so‘m darajasida qayd etilgan.

1996-yilda ham avtomobil sotib olish uchun kreditlar ajratilgan. “Xalq so‘zi”ning 7-avgustdagi sonida O‘zbekiston avtomobillariga texnik xizmat ko‘rsatish hissadorlik jamiyati raisi Yusuf Asilov intervyu berib, o‘sha vaqtdagi mashinalar narxini e’lon qilgan:

Tico — 5800—6734 AQSH dollari;

Damas — 7200—8363 AQSH dollari;

Nexia — 10 000—11 798 AQSH dollari.

1996-yil 7-avgustda chop etilgan “Ma’rifat” gazetasining bosh sahifasida yangi o‘zbek alifbosi haqida so‘z boradi. Aynan o‘sha yildan boshlab 1-sinf o‘quvchilari yangi o‘zbek alifbosida o‘qishni boshlagan.

“Maktab bozori” o‘sha vaqtda ham mavjud bo‘lgan.

1996-yilda o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar birinchi marta mustaqil O‘zbekiston davlati nomidan ishtirok etgan. Mukofotlarni topshirish marosimida mamlakat bayrog‘i ko‘tarilgan. Dzyudochi Armen Bogdasarov kumush, bokschi Karim To‘laganov bronza medalini qo‘lga kiritgan.

“Toshkent haqiqati”ning 1996-yil 10-avgustdagi 63-sonida yozilishicha, bir kun oldin, ya’ni 9-avgust kuni Kremlda Rossiya prezidenti Boris Yelsinning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tgan. O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov ushbu marosimda ishtirok etish uchun Moskvaga borgan. Uchib ketishdan oldin davlat rahbari aeroportda jurnalistlarning savollariga javob bergan: “Biz bundan buyon Rossiya demokratik o‘zgarishlar yo‘lidan dadil borishiga aminmiz hamda bu davlat bilan o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga tayyormiz”.

“O‘zbekiston ovozi”ning avgust oyidagi sonida Silvestr Stallonega bag‘ishlangan “Rembo qo‘l siltadi” nomli xabar chop etilgan. Unda dunyoga mashhur aktyorning Kaliforniyadan ko‘chib ketmoqchi bo‘lgani haqida yozilgan.

O‘sha vaqtda Azim Suyun bosh muharrirlik qilgan “O‘zbekiston ovozi”da hatto infografiklar ham e’lon qilib borilgan. Quyidagi chizmalar gazetaning 1996-yil 6-avgustdagi 100-sonidan olingan.

Silvestr Stallone haqida o‘sha yilning avgustida “Vatanparvar” gazetasi ham yozgan. Faqat uning boshqa yurtga ko‘chib ketishi haqida emas, balki bir kunda 65 ta tabletka iste’mol qilishi haqida.

Bundan tashqari, “Vatanparvar” gazetasida o‘zbek tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan maxsus darslar chop etib borilgan.

AQSH prezidenti Bill Klintondan Islom Karimovga maktub ham “Toshkent oqshomi” gazetasi sahifalarida joy olgan.

international relationseducationeconomyuzbekistanhistorical newscottonsports