Buxoroda 40 kunlik «safarbarlik» start oldi
Ayrim xonadonlar oldida qimmatbaho, so‘nggi rusumdagi avtomobillar saf tortib turadi. Biroq, aytish o‘rinliki, o‘sha xonadonlar

Buxoroda 40 kunlik "Obod mahalla – obod Buxoro" shiori ostida obodonlashtirish safarbarligi boshlandi. Dastlabki kunlardanoq aholining mahalla obodligi yo‘lidagi birlashuvi katta kuch ekanligi namoyon bo‘ldi, biroq ba’zilar bu umumiy tashabbusni chetdan kuzatishni afzal ko‘rdi.
Buxoro viloyatida 516 ta mahalla mavjud bo‘lib, ular katta hududlarni, jumladan, cho‘l zonalarni ham qamrab oladi. Minglab ko‘chalar aholiga xizmat qiladi. Mahallalar bo‘ylab sayr qilganda turli manzaralarga duch kelish mumkin: bir joyda zamonaviy, hashamatli binolar va turar joylar qad rostlagan bo‘lsa-da, ko‘chalar tozalikka muhtoj. Boshqa bir joyda oddiy xonadonlar bo‘lsa-da, atrofi ozoda va ko‘ngilga yaqin. Ba’zi joylarda muqaddas qadamjolar va qabristonlar obod qilingan bo‘lsa, boshqa hududlarda ular qarovsiz qolib, hasharga muhtoj ahvolga kelgan.
Ayrim xonadonlar oldida qimmatbaho avtomobillar turgan bo‘lsa-da, ularning darvozalari oldidagi ariqlar tiqilib yotibdi, yo‘l chetini yovvoyi o‘tlar bosgan, chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmagan, ko‘chalar esa uzoq vaqtdan beri tozalanmagan. Ba’zi mahallalarda tungi yoritish tizimi ishlamaydi, ichimlik suvi yoki oqova tizimi bilan bog‘liq muammolar aholini qiynaydi. Ayrim joylarda bolalar maydonchalari yetarli emasligi, ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani yoki umuman yo‘qligi kuzatiladi. Ba’zi hududlarda eski daraxtlar qurib qolgan, butalanmagan yoki yangilari ekilmagan. Yo‘l va piyodalar yo‘laklari talab darajasida emas. Bu kabi holatlar nafaqat mahallaning tashqi ko‘rinishi, balki aholining yashash sifatiga ham bevosita ta’sir qilishini ko‘rsatadi, chunki ko‘cha tozaligi, yoritish, suv ta’minoti, oqova tizimi, bolalar maydonchalari va daraxtlarning holati bevosita aholi turmush sifatiga bog‘liq.
Mahalladagi barcha muammolarni faqat mahalla raisi zimmasiga yuklab bo‘lmaydi. Bu jarayonda mahalla raisi bilan bir qatorda profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, kommunal tashkilotlar va eng asosiysi, har bir fuqaro ishtirok etishi kerak. Shu munosabat bilan Buxoro viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Buxoroda 40 kunlik safarbarlik boshlandi. "Obod mahalla – obod Buxoro" shiori ostidagi ushbu obodlik harakatining ilk kunidayoq, aholi mahalla obodligi uchun birlashishda katta kuch ekanini namoyon qildi.
Buxoro hokimi Botir Zaripov shunday dedi: "Bugun barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, obodlik ishlariga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. "Obod mahalla — obod Buxoro" shiori faqat so‘zda emas, amalimizda ham aks etishi lozim. Shahrimizda chiqindilar to‘planib qolsa, atrof-muhitga befarq qarasak, bu bizga yarashmaydi. Uyat bo‘ladi. Katta bayramlar arafasida har bir xonadon, har bir ko‘cha, har bir korxona va tashkilot obodlik maskaniga aylanishi zarur. Kamchiliklarni o‘zimiz bartaraf etaylik. Keksalarimiz yoshlarga o‘rnak bo‘lsin, yoshlarimiz esa tashabbus bilan maydonga chiqsin. Tozalik va obodlik bor joyda fayzu-baraka bo‘ladi. 40 kunlik obodlik harakatini umumiy maqsad va birdamlik asosida amalga oshiraylik."
Harakat davomida viloyat hokimi boshchiligida mas’ul rahbarlar ko‘chama-ko‘cha, xonadonma-xonadon holat bilan tanishdilar. Jarayonga jalb etilgan maxsus texnikalar hududlardagi obodonlashtirish ishlarini jadallashtirishga xizmat qildi. Chiqindilar olib chiqildi, ariqlar tozalandi, ko‘cha va yo‘laklar tartibga keltirildi, aholi bilan bevosita muloqot qilinib, mavjud muammolar o‘rganildi.
Ayrim fuqarolar uy-joyi atrofini tartibga keltirmaganidan xijolat chekkan bo‘lsa, ayrimlari bu "kamchilik"larini tezda bartaraf etishlarini bildirishdi.
Amaliy safarbarlikda ko‘zda tutilgan maqsadlar ijrosini ta’minlash uchun 4 ta sektor jalb etilgan. Harakat davomida sektorlar kesimida obodonlashtirish ishlarining amaliy holati o‘rganilgan. O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Ashurovning "Xabar.uz"ga bildirishicha, ijro yuzasidan 4 ta sektor kesimida o‘tkazilgan ushbu tahlillarda ayrim kamchiliklar ham qayd etilgan.
4 ta sektorda jami 58 ta tashkilotga mahallalar biriktirilib, ular tomonidan 53 ta HOWO, 114 ta ISUZI, 65 ta pogruzchik, 1 360 nafar ishchi hamda 24 ta kosilka jalb etilishi belgilangan edi. Biroq, amaliy tahlillarga ko‘ra, 11 ta HOWO, 49 ta ISUZI, 23 ta pogruzchik, 410 nafar ishchi jalb qilingan.
Biriktirilgan mahallalarda obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etgan hamda belgilangan vazifalarning asosiy qismini o‘z vaqtida bajargan Buxoro tuman hokimligi, Buxoro tuman Avtoyo‘l, Jondor tuman Avtoyo‘l, "Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJ, "Xalq banki" viloyat bo‘limi, G‘ijduvon tuman Avtoyo‘l, Shofirkon tuman Avtoyo‘l, Vobkent tuman Avtoyo‘l, "Hududgaz Buxoro" gaz ta’minoti filiali, "Agrobank"ning viloyat boshqarmasi, "Mikrokreditbank" viloyat bo‘limi, Olot tuman hokimligi, Qorako‘l tuman hokimligi, Romitan tuman Avtoyo‘l, Olot tuman Avtoyo‘l, Qorako‘l tuman Avtoyo‘l, Kogon tuman Avtoyo‘l hamda "Aloqa bank" viloyat bo‘limi tomonidan ishlar ijobiy tashkil etilgan.
Biroq, Jondor tuman hokimligi, Kogon shahar hokimligi, "Ipoteka bank" ATIB viloyat filiali, Viloyat soliq boshqarmasi, "Buxoro Zarhal Teks" MChJ, "Qorako‘l don" MChJ, "Ark Eko Tekstil Klaster" MChJ, "Parvoz Xumo Ravnaq trans" MChJ, "Merganteks" MChJ, "Kogon don" MChJ, Qorovulbozor tuman hokimligi, Peshku tuman hokimligi hamda Qorovulbozor tuman Avtoyo‘l bo‘limi tomonidan obodlik ishlari amalga oshirilmagan. Natijada mazkur tashkilotlarga biriktirilgan B.Naqshband, Istiqlol, Foshun, S.Ayniy, Yoshlik, Bexishtiyon, Fitrat, Zarafshon, Yangiobod, Jo‘bor, Furqat, S.Sheroziy hamda G‘ijduvoniy mahallalarida obodonlashtirish ishlari umuman bajarilmagan.
Ayniqsa, 2-, 3- va 4-sektorlarda belgilangan 18 ta kosilkaning birortasi, shuningdek, 2-sektorda rejalashtirilgan 14 ta HOWOning birortasi jalb qilinmagan.
Bu, albatta, qator idora va tashkilotlarning safarbarlikka mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lganligini ko‘rsatadi. Mas’uliyat taqsimlangan joyda nazorat ham bo‘lishi shart. Nazorat bo‘lmagan joyda esa vazifalar qog‘ozda bajarilgan, amalda esa muammolar saqlanib qolgan holatlarga duch kelinadi.

