Belarusni Litvaga bog‘lovchi yerosti tunneli topildi

Litva chegarachilari mamlakat janubi-sharqida Belarusdan o‘tgan yerosti tunnelini aniqladi. Bu haqda LRT Litva davlat chegara xizmatiga tayanib xabar berdi.
Diametri taxminan bir metr bo‘lgan tunnelning Litva tomoniga chiqish joyi bo‘lmagan. Chegarachilar yerostida tunnel qazilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi tuproq tebranishlarini qayd etgan. Aynan shu holat tunnelning aniqlanishiga sabab bo‘lgan.
Mahalliy hokimiyat tunneldan chet el fuqarolarini Litva hududiga noqonuniy o‘tkazish uchun foydalanishni rejalashtirganini taxmin qilmoqda. Davlat chegara xizmati rahbari Rustamas Lyubayevasning aytishicha, chegarachilar shunga o‘xshash yerosti yo‘llari bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana “o‘nlab joylarni” aniqlagan. Mazkur tunnellar qurilishiga Belarus hukumati aloqador bo‘lishi mumkin.
“Belarus hukumati bunga ko‘z yumayotgani yoki migrantlarga bu tunnellarni qazishda faol yordam berayotganiga deyarli shubhamiz yo‘q. Ehtimol, ular o‘zlari qazishmayotgandir, lekin bu ish migrantlar ishtirokida tashkil etilayotgani aniq”, dedi Lyubayevas.
Uning ta’kidlashicha, tunnel ichidan yog‘och ustunlar topilgan. Lyubayevas Belarus chegarachilari ko‘magisiz davlat chegarasiga yaqin hududga yog‘och olib kelish va tunnel qazish imkonsizligini aytdi.
2025-yilda xuddi shunday tunnellar Belarus–Polsha chegarasida ham topilgandi. O‘shanda Polsha rasmiylari yerosti o‘tish yo‘llarini loyihalashga Yaqin Sharqdan “yuqori malakali” mutaxassislar jalb etilganini ta’kidlagan. Jurnalistlar bunday tunnellardan foydalanish Kremlning Yevropaga qarshi gibrid urushining yangi bosqichi ekanini yozgandi.
2021-yil bahorida Belarus bilan munosabatlar yomonlashgani fonida Litva noqonuniy muhojirlar, asosan Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlaridan kelayotganlar oqimi ortayotganini ma’lum qildi. Ularning barchasi mamlakatga Belarus–Litva chegarasi orqali kirib kelgan. Keyinchalik bu Litvada yirik migratsiya inqiroziga olib kelgan.
Ma’lumot o‘rnida, iyun oyida Meksika va AQSH chegarasida ikki davlatni bog‘lovchi, narkotik kontrabandasi uchun mo‘ljallangan murakkab yerosti tunneli aniqlangandi. Uning 300 metrdan ziyod qismi AQSH, 240 metrdan ortig‘i esa Meksika hududiga to‘g‘ri keladi. Yerosti yo‘lagining chuqurligi hududga qarab 6 metrdan 17 metrgacha yetadi.

