Layfstayl

BAAda ayollarga hurmat yuzasidan “uy bekasi” atamasidan voz kechildi

BAAda ayollarga hurmat yuzasidan "uy bekasi" atamasi "Avlodlar bunyodkori"ga o‘zgartirildi

Dubay hukumati "uy bekasi" atamasini rasman "Avlodlar bunyodkori" (Generations Shaper) degan yangi ta’rif bilan almashtirdi. Bu tashabbus farzand tarbiyasi va uy-ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanuvchi ayollarning jamiyatdagi muhim hissasini e’tirof etishga qaratilgan.

**Nom nima uchun o‘zgartirildi?**

Bu qaror joriy yil bahorida Dubay valiahd shahzodasi Shayx Hamdan bin Muhammad Ol Maktum tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarida nishonlanadigan Onalar kuni munosabati bilan e’lon qilingan edi.

Valiahd shahzodaning ta’kidlashicha, avvalgi "uy bekasi" atamasi ayolning faqat uyda ekanini anglatgan bo‘lsa, uning asl vazifasi kelajak avlodni tarbiyalash, qadriyatlarni shakllantirish va jamiyatni rivojlantirishdan iboratdir.

Yangi ta’rif barcha davlat hujjatlariga, jumladan, Emirates ID shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari, tibbiy kartalar, maktab hujjatlari va boshqa rasmiy ma’lumotlar bazalariga kiritilmoqda.

**Islohot davlat strategiyasining bir qismiga aylandi**

Maqomning o‘zgartirilishi oilani mustahkamlash va haq to‘lanmaydigan uy mehnatini mamlakat taraqqiyotiga qo‘shilgan salmoqli hissa sifatida tan olishga yo‘naltirilgan Dubai Social Agenda 33 dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Hukumat ushbu yangi ta’rif jamiyatning o‘zini farzand tarbiyasiga bag‘ishlagan ayollarga nisbatan munosabatini o‘zgartirishiga umid qilmoqda. Onalik va uy-ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanish rasman ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyat sifatida qaralmoqda.

**Yangi maqom qanday imkoniyatlar yaratadi?**

"Avlodlar bunyodkori" maqomi joriy etilgach, davlat va moliya tashkilotlari o‘zlarining qo‘llab-quvvatlash dasturlarini bunga moslashtira boshladi. Xususan, National Bonds investitsiya kompaniyasi yangi maqomga ega bo‘lgan ayollar uchun maxsus jamg‘arma mahsulotlari va oilaviy dasturlarni taqdim etdi.

Bundan tashqari, yangi maqom sohibalari ijtimoiy tashabbuslarda ishtirok etishi, alohida ko‘mak choralaridan foydalanishi va Dubay davlat tuzilmalari orqali amalga oshiriladigan oilaviy dasturlarga qo‘shilishi mumkin bo‘ladi.

O‘zgarishlar maktablar, tibbiyot muassasalari va boshqa davlat xizmatlarida hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoniga ham ta’sir qiladi. Shuningdek, yangi maqom fuqaroning raqamli profilida va Emirates ID shaxsni tasdiqlovchi hujjatida aks etadi.

**Bu bank xizmatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinmi?**

BAAda Emirates ID’da ko‘rsatilgan ma’lumotlar banklar va boshqa moliya tashkilotlari bilan hamkorlik qilishda inobatga olinadi. Shu sababli rasmiy maqomning o‘zgarishi hisobvaraq ochish, bank mahsulotlarini rasmiylashtirish va oilaviy moliyani boshqarishda mijozni baholashga ta’sir qilishi mumkin.

Shu bilan birga, Dubay hukumati islohotning asosiy maqsadi o‘zini oila va farzand tarbiyasiga bag‘ishlagan ayollarning rolini jamoatchilik tomonidan e’tirof etishdan iborat ekanini ta’kidlamoqda. Yangi maqom bu turdagi mehnatning mamlakat kelajagi uchun g‘oyat muhim ekanini jamiyat ongida mustahkamlashi lozim.

baaayollar huquqlaridubayuy bekalari"avlodlar bunyodkori"ijtimoiy islohotlaroilafarzand tarbiyasi